08:31 / 15.01.2020
0
25393
DSQ va Moliya vazirligi soliq to‘lovchilarning 4ta asosiy savoliga javob qaytardi
Foto: KUN.UZ

Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi 2020 yil 1 yanvardan boshlab yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilinganligi munosabati bilan o‘tkazilgan seminarlarda soliq to‘lovchilardan kelib tushgan savollarni umumlashtirib, javoblarni ma'lum qildi.

I. Aylanmadan olinadigan soliq yoki qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tish bo‘yicha.

1. 2019 yil yakuni bilan jami daromadlari 1 mlrd. so‘mdan oshmagan yagona soliq to‘lovi va ixtiyoriy ravishda QQS to‘lovchilari 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

a) aylanmadan olinadigan soliqni to‘lash;

b) aylanmadan olinadigan soliqdan voz kechish hamda foyda solig‘ini to‘lashga o‘tish va QQSni to‘lashni davom etish huquqiga ega.

2020 yil 1 yanvardan boshlab aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan voz kechish va foyda solig‘i hamda QQSni to‘lashga o‘tish uchun soliq to‘lovchi bu haqda 2020 yilning 1 fevraliga qadar soliq hisobida turgan joydagi soliq organiga, shu jumladan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali belgilangan shaklda xabarnoma taqdim etishi shart.

Soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan muddatda xabarnoma taqdim etilmaganligi uning aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga roziligini bildiradi hamda u 2020 yil 1 yanvardan boshlab QQS to‘lovchilari reyestridan chiqariladi. Bunda, soliq davri bir oy qilib belgilanganligidan kelib chiqib, 2020 yil yanvar oyida xaridorlarga taqdim etilgan barcha hisobvaraq-fakturalar o‘rniga tuzatish kiritilgan (“QQSsiz”) hisobvaraq-fakturalarni taqdim etish va tovarlar (xizmatlar)ni oluvchilarga keyinchalik ular tomonidan hisobga olingan summalarga tuzatish kiritish uchun yetkazish lozim. Bu holatda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi.

2019 yilda yagona soliq to‘lovi va ixtiyoriy ravishda QQS to‘lovchilari 2020 yil 1 yanvardan aylanmadan olinadigan soliqni qo‘llashdan voz kechganda, ular QQS to‘lovchisi sifatida hisobga olinganligi to‘g‘risidagi kodni saqlab qoladi.

2. 2019 yil yakuni bilan jami daromadlari 1 mlrd. so‘mdan oshmagan yagona soliq to‘lovi to‘lovchilari 2020 yil 1 yanvardan aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashni tanlasa, bu haqda soliq organlariga xabarnoma taqdim etmaydilar.

3. 2019 yil yakuni bilan jami daromadlari 1 mlrd. so‘mdan oshmagan 2019 yil 1 yanvardan yoki undan oldin QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tgan soliq to‘lovchilar, 2020 yil 1 yanvardan aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga o‘tganda, bu haqda 2020 yilning 1 fevraliga qadar soliq hisobida turgan joydagi soliq organiga, shu jumladan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali belgilangan shaklda xabarnoma taqdim etadilar.

Bunda, 2019 yil yakuni bilan jami daromadlari 1 mlrd. so‘mdan oshmagan 2019 yilda yagona soliq to‘lovini to‘lashdan voz kechgan soliq to‘lovchilar, aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga 2021 yil 1 yanvardan boshlab o‘tishga haqli.

Buning uchun 2020 yilning 20 dekabriga qadar soliq hisobida turgan joydagi soliq organiga shu jumladan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali belgilangan shaklda xabarnomani, taqdim etish shart.

4. 2019 yil yakuni bilan jami daromadlari 1 mlrd. so‘mdan oshmagan, 2019 yilda tovarlar importini amalga oshirganligi munosabati bilan QQSni to‘lashga o‘tgan yuridik shaxslar, 2020 yil 1 yanvardan boshlab agar ularda 2020 yilda tovarlarni yetkazib berish va (yoki) olib kirish bo‘yicha import kontrakti mavjud bo‘lmasa, aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga o‘tish yoki QQS va foyda solig‘ini to‘lashni tanlash huquqiga ega.

2020 yil 1 yanvardan aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan voz kechish hamda QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tish uchun soliq to‘lovchilar bu haqda 2020 yilning 1 fevraliga qadar soliq hisobida turgan joydagi soliq organiga, shu jumladan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali belgilangan shaklda xabarnoma taqdim etishlari shart.

Soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan muddatda xabarnoma taqdim etilmaganligi, uning aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga roziligini bildiradi.

Xuddi shunday tartibda, soliqlarni soddalashtirilgan tizim bo‘yicha to‘lash bilan bir vaqtda QQSni to‘lovchi yakka tartibdagi tadbirkorlar, agar ularda 2020 yilda tovarlarni yetkazib berish va (yoki) tovarlarni olib kirish bo‘yicha import kontrakti mavjud bo‘lmasa hamda 2019 yil yakuni bilan jami daromadlari 1 mlrd. so‘mdan oshmagan bo‘lsa, QQSni to‘lashdan voz kechish huquqiga ega.

II. Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha.

1. Transport vositalari bo‘yicha QQSni hisobga olish.

2019 yilda yoki undan oldin QQSni to‘lashga o‘tgan, 2019 yilda sotib olgan transport vositalari, shu jumladan amalga oshirayotgan faoliyat turi bilan bog‘liq bo‘lmagan transport vositalari bo‘yicha QQS summasini qisman (teng ravishda 12 oyga taqsimlangan holda) hisobga olgan soliq to‘lovchilar, QQS summasining qolgan qismini 2020 yil 1 yanvardan boshlab to‘liq hisobga olish huquqiga ega.

Bunda, 2020 yil 1 yanvardan keyin aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tgan soliq to‘lovchilar, amalga oshirayotgan faoliyat turi bilan bog‘liq bo‘lmagan sotib olingan transport vositalari bo‘yicha QQS summasini hisobga olmaydilar.

III. Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha.

1. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 412-moddasiga muvofiq, to‘liq amortizatsiya qilingan binolar bo‘yicha soliq bazasi bo‘lib ularning uch yilda kamida bir marta aniqlanadigan qayta baholangan (bozor) qiymati hisoblanadi.

2020 yil 10 yanvarga qadar soliq to‘lovchilar barcha soliq solish obektlari, shu jumladan to‘liq amortizatsiya qilingan binolar bo‘yicha joriy soliq davri uchun mol-mulk solig‘i summasi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani to‘ldiradilar.

To‘liq amortizatsiya qilingan binolarning qiymatini quyidagi usullardan biri orqali aniqlash mumkin:

soliq to‘lovchidagi mavjud baholash tashkilotlarining ma'lumotlariga ko‘ra (masalan, korxona kredit oldi va unda baholash qiymati mavjud);

mustaqil ravishda, o‘xshash obektlarning qiymatidan kelib chiqqan holda – ko‘chmas mulk saytlari, ommaviy axborot vositalari, ko‘chmas mulk birjalari va boshqa ma'lumotlar asosida.

Mustaqil ravishda baholangan obektning qiymati bozor qiymatiga nisbatan kam yoki yuqori bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan, soliq to‘lovchi baholash tashkilotlari xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega.

Agar baholash faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiga ega bo‘lgan tashkilot tomonidan amalga oshirilgan baholash qiymati soliq to‘lovchining hisobotidagi qiymatdan farq qilsa, soliq to‘lovchi 2020 yil uchun aniqlashtirilgan soliq summasi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani taqdim etishga haqlidir. Taqdim qilingan hisobotga nisbatan bozor qiymati kamaysa, soliq kamayish tomonga qayta hisoblanishi mumkin. Bozor qiymati oshganda – soliq oshadi, bunda joriy yilning 1 aprelga qadar aniqlashtirilgan ma'lumotnoma taqdim etilib, bo‘nak to‘lovi qo‘shimcha to‘lansa, penya hisoblanmaydi.

2020 yil mobaynida mo‘ljallanayotgan soliq bazasi o‘zgargan taqdirda (ya'ni, yangi soliq solish obektlari, shu jumladan to‘liq amortizatsiya qilingan binolar paydo bo‘lganda), soliq to‘lovchi soliq summasi to‘g‘risidagi aniqlashtirilgan ma'lumotnomani taqdim etishga haqli. Bunda, soliq davrining qolgan qismi uchun bo‘nak to‘lovlariga soliqning o‘zgarish summasiga teng ulushlarda tuzatish kiritiladi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar, magistral quvurlar, aloqa va elektr uzatish liniyalariga, shuningdek, ushbu obektlarning ajralmas texnologik qismi bo‘lgan inshootlar va ushbu obektlar egallagan yerlarga (va O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 415-moddasi to‘rtinchi qismi va 429-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan boshqa obektlarga) mol-mulk solig‘i (0,2 foiz stavkada) va yer solig‘i (soliq stavkalari 0,1 koeffitsiyentida qo‘llanilgan holda hisoblanadi) solinishi belgilangan.

Ushbu norma O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-599-sonli Qonunining 4-moddasiga muvofiq, 2020 yil 1 apreldan boshlab kuchga kiradi.

Joriy soliq davri uchun mol-mulk solig‘i summasi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma va (yoki) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yer solig‘i bo‘yicha soliq hisobotini yuqorida ko‘rsatilgan obektlarni aks ettirmagan holda, joriy yil 10 yanvargacha taqdim etgan soliq to‘lovchilar mol-mulk solig‘i summasi to‘g‘risidagi aniqlashtirilgan ma'lumotnomani va (yoki) yer solig‘i to‘g‘risidagi aniqlashtirilgan soliq hisobotini penya hisoblamagan holda 2020 yil 10 aprelgacha taqdim etishga haqlidir. Bunda, soliq davrining qolgan qismi uchun mol-mulk solig‘i bo‘yicha bo‘nak to‘lovlari va yer solig‘i summasiga har bir soliq bo‘yicha o‘zgartirish summasi miqdorida tuzatish kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 82-moddasiga asosan yirik soliq to‘lovchilar joylashgan yeridan qat'i nazar, soliq hisobotini Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasiga taqdim etadi. Bunda, yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kirmaydigan soliq to‘lovchilar quyidagilarni taqdim etadilar:

mol-mulk solig‘i bo‘yicha soliq hisobotini soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi soliq organiga yilda bir marta, yillik moliyaviy hisobot topshiriladigan muddatda. Agar ko‘chmas mulk (umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar, magistral quvurlar, aloqa liniyalari va elektr uzatish liniyalari bundan mustasno) soliq to‘lovchining soliq bo‘yicha hisobga olish joyida joylashmagan bo‘lsa, soliq hisoboti ko‘chmas mulk joylashgan yerdagi soliq organlariga taqdim etiladi (O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 417-moddasi);

yer solig‘i bo‘yicha soliq hisobotini yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organiga (O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 431-moddasi):

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar bo‘yicha – joriy soliq davrining 10 yanvarigacha;

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha – joriy soliq davrining 1 mayigacha.

IV. Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilarini umumbelgilangan soliqlarni yoki aylanmadan olinadigan soliqlarni to‘lashga o‘tkazish bo‘yicha.

2020 yil 1 yanvardan boshlab yagona yer solig‘i bekor qilindi, shu munosabat bilan, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari umumbelgilangan soliqlarni yoki aylanmadan olinadigan soliqni (agar 2019 yil yakuni bo‘yicha jami daromadi 1 mlrd. so‘mdan va sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yer maydoni 50 gektardan kam bo‘lsa) to‘lashga o‘tkaziladi.

2019 yilda yagona yer solig‘i va jami daromadi 1 mlrd. so‘mdan oshganligi yoki sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari maydoni 50 gektardan ko‘p bo‘lganligi yoxud paxta xom-ashyosi yetishtirganligi munosabati bilan QQS to‘lovchisi bo‘lgan qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari 2020 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq QQS, foyda solig‘i va yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan boshqa soliqlarni to‘laydilar.

Shu bilan birga, yagona yer solig‘i to‘lovchilari bo‘lgan qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari, shu jumladan ixtiyoriy ravishda QQS to‘lashga o‘tganlar, agar ularda 2019 yil yakuni bilan jami daromadlari 1 mlrd. so‘mlik chegaraviy miqdordan yoki sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari maydoni 50 gektardan oshmagan bo‘lsa, 2020 yil 1 yanvardan aylanmadan olinadigan soliqni yoki QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tishga haqli.

QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tish uchun soliq to‘lovchi bu haqda 2020 yil 1 fevralga qadar soliq hisobida turgan joydagi soliq organiga, shu jumladan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali belgilangan shaklda xabarnoma taqdim etishi lozim.

Soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan muddatda xabarnoma taqdim etilmaganligi uning aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga roziligini bildiradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top