20:01 / 15.01.2020
0
15465
«Joriy yildan mahalliylashtirish dasturini yangicha yondashuvlar asosida shakllantiramiz» - Prezident

Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda eksport, investitsiya va mahalliylashtirishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 yanvar kuni eksport, investitsiya va mahalliylashtirishni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Yig‘ilishda meva-sabzavotlar eksporti masalasi atroflicha muhokama qilindi. 

Meva-sabzavot ekinlarini eksport talabidan kelib chiqib optimal joylashtirish, salohiyatli tashqi bozorlarda savdo uylari va dilerlik tarmoqlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Ixtisoslashgan 55ta tumanda meva-sabzavotlar ishlab chiqarishni klaster shakliga o‘tkazish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. 

«O‘zstandart» agentligiga hududiy hokimliklar bilan birgalikda 155ta fermer xo‘jaligida «Global G.A.P.» xalqaro standartini joriy etish, O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashqi bozorlar talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Eksport faoliyati jozibadorligini oshirish uchun eksport va eksportoldi moliyalashtirish tizimini tashkil etish, tashish xarajatlarini qoplash mexanizmini kengaytirish borasida chora-tadbirlar belgilandi. 

Videoselektor yig‘ilishida investitsiyalarni jalb etish masalalari tahlil qilindi.

«O‘tgan yili barcha manbalar hisobidan o‘zlashtirilgan investitsiyalarning qariyb 30 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar tashkil etdi. Sanoati rivojlanmagan, olis tumanlarga ham katta investitsiyalar kirib bordi. Umumiy qiymati 5,4 milliard dollar bo‘lgan 145ta tarmoq va 167ta hududiy loyihalar ishga tushirildi.

Joriy yildan boshlab Investitsiya dasturlari yangi tizim asosida ishlab chiqildi. 2020 yil uchun 1569ta xususiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya loyihalari ro‘yxati tasdiqlandi. Mazkur dasturga asosan shu yilda 233 trillion 200 milliard so‘m, jumladan 7,1 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda tarmoqlar va hududlar rahbarlari bu borada amalga oshirishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab berildi. 

Tegishli vazirlik, idora va ho‘jalik birlashmalari rahbarlariga tarmoq loyihalarini o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha javobgarlik yuklandi. Hududlarda amalga oshiriladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ishtirokidagi har bir loyihaga respublika idoralari rahbarlari mas'ul sifatida biriktirildi.

Mutasaddilarga galdagi loyihalar bo‘yicha loyihaoldi ishlarini yakunlab, xorijiy investorlar bilan shartnomalar imzolash va ijrosini qat'iy nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Videoselektorda joriy yilda budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ijtimoiy va infratuzilma loyihalar ijrosi ham muhokama qilindi. 

Prezident budjet mablag‘larining samarali sarflanishi, belgilangan 2 ming 190ta obektda qurilish-ta'mirlash ishlari sifatli bajarilishini qat'iy nazoratga olish zarurligini ta'kidladi.

Joriy yilda 372ta bolalar bog‘chasi, 343ta maktab, 228ta tibbiyot muassasasi, 61ta oliy o‘quv yurti, 44ta sport inshooti, 187ta ichimlik va oqova suv tarmog‘i, 241ta irrigatsiya va melioratsiya obektida qurilish-ta'mirlash ishlari belgilangan.

O‘tgan yili boshlangan loyihalarni sifatli amalga oshirish, yangi obektlar bo‘yicha tender savdolarini yakunlash va moliyalashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Prezident investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, amalga oshirish va monitoring qilish, investitsiyalar samaradorligini baholashda muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatib o‘tdi.  

Mutasaddilarga xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda tarmoqlar va hududlar bo‘yicha investitsiya strategiyasini ishlab chiqish, bunda jalb qilinayotgan investitsiyalar samaradorligi va iqtisodiy-ijtimoiy ta'sirini baholash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni yo‘naltirish uchun yetakchi sohalarni belgilash vazifasi qo‘yildi.

Investitsiya loyihalarini joylashtirishda birinchi navbatda infratuzilmaga ulanish imkoniyatlari va xarajatlariga alohida e'tibor qaratish zarurligi ta'kidlandi.

Bugungi kunning dolzarb masalalaridan yana biri – mahalliylashtirishni chuqurlashtirish orqali ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish.

2019 yil yakuni bo‘yicha lokalizatsiya doirasida 800dan ortiq loyihalar ishga tushirildi. Xususan, polivinilxlorid, katanka, elektrodvigatel, shisha idishlar, maishiy texnika, har xil dori-darmonlar va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

«Joriy yildan boshlab mahalliylashtirish dasturini yangicha yondashuvlar asosida shakllantiramiz», degan davlat rahbari.

Xususan, 830ta loyiha doirasida 9 trillion so‘mlik yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

«O‘zeltexsanoat» uyushmasi, «O‘zagrotexsanoat-xolding» AJ, «O‘zavtosanoat» AJ, «Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish» agentligi, «O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, shuningdek, Toshkent shahri, Farg‘ona viloyati, Xorazm, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari aniq loyihalarni amalga oshirishlari lozimligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan, Vazirlar Mahkamasi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga har bir vazirlik va idora bilan birgalikda bir oy muddatda 2020 yil mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha tarmoq jadvallarini tasdiqlash vazifasi yuklatildi.

Davlat rahbari loyihalarni amalga oshirishda asosiy e'tibor mahsulotning raqobatbardoshligi va iqtisodiy samaradorligiga, tannarxini kamaytirishga qaratilishi kerakligini ta'kidladi.

«O‘zstandart» agentligiga tadbirkorlik sub'yektlariga import o‘rnini bosuvchi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirishda standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish belgilandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga mahalliylashtirish dasturi doirasidagi loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi bo‘yicha shaxsiy nazorat o‘rnatish topshirig‘i berildi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Savdo-sanoat palatasiga joylardagi mas'ullar bilan birgalikda Respublika sanoat yarmarkasi doirasida tuzilgan shartnomalar ijrosini to‘liq va o‘z vaqtida ta'minlash choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.

Videoselektor yig‘ilishida mutasaddi rahbarlarning hisoboti eshitildi, galdagi muhim vazifalar belgilab olindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top