23:42 / 15.01.2020
5
30932

«Koreya bilan finalda uchrashamiz». «Himoyaga o‘tib ketganimiz pand berdi» - futbolchilarning mag‘lubiyatdan keyingi fikrlari

Foto : KUN.UZ

O‘zbekiston U23 jamoasi Osiyo chempionati chorak finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 3-turda Janubiy Koreyaga imkoniyatni boy bergan Drulovich shogirdlari omad sabab keyingi bosqichga yo‘llanma olishdi. Chunki narigi o‘yinda Eron kerakli darajada yirik hisobda g‘alaba qozona olmadi. Qaysidir ma'noda Xitoy ham mardlik qildi va professionallarcha harakat qildi.

Janubiy Koreyaga qarshi o‘yindan so‘ng futbolchilar bilan miks zonada uchrashdik. Ular o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirishdi. Xususan Sanjar Qodirqulov Janubiy Koreya maydonda jamoalar o‘rtasidagi farqni ko‘rsatib qo‘yganini aytdi: «Koreya kabi jamoa yo‘q bu chempionatda. Musobaqaning eng zo‘r jamoasi bilan o‘ynab ko‘rdik. Umid qilaman, ular bilan finalda uchrashamiz. Koreya bugun maydonda darajadagi farqni ko‘rsatib qo‘ydi. Biz ham musobaqa davomida o‘sib ularning darajasiga chiqishimiz kerak. Imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q».

Bobur Abduxoliqov hujumda bir o‘zi o‘ynashga o‘rganib ketganini aytdi: «Bitta hujumchi bo‘lib o‘ynash qiyin, lekin sheriklar yordam berib turishibdi. Mashg‘ulotda menga to‘p uzatishlar ishlangan».

Jasur Yaxshiboyev jamoaning himoyaga o‘tib ketgani pand berganini aytdi: «Bugun hech bo‘lmasa durang o‘ynashimiz kerak edi. Guruhdan chiqishimizga raqiblar ham yordam berishdi. Koreya musobaqadagi eng kuchli jamoa. O‘yindan qoniqmadim, o‘tgan musobaqada ham o‘ynaganim uchun jamoaga yordam berishim kerak, buni eplolmaganim sabab o‘zimdan xafaman. Raqib hujumkorligini bilardik, ammo dastlabki daqiqalarda gol o‘tkazib yuborish ta'sir qiladi. Biz bu holatdan chiqib ketdik, ammo himoyaga o‘tib ketganimiz pand berib ikkinchi golni o‘tkazib yubordik.

Jismoniy jihatdan kuchsiz emasmiz, shunchaki Koreya fonida shunday ko‘rindi. Ular juda kuchli. Raqib safida ko‘p o‘zgarish bo‘lgani sezildi, ular tetikroq o‘ynashdi»,— dedi Yaxshiboyev.

O‘zbekistonning chorak finaldagi raqibi ertaga 16 yanvar kuni Iordaniya va BAA jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda aniqlanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top