10:12 / 15.01.2020
2
17656
O‘zbekistonda fuqaroning foto tasviridan uning ruxsatisiz foydalanish mumkinmi?
Foto: Depositphotos

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 99-moddasiga asosan shaxsning tasvirga bo‘lgan huquqi ajralmas va daxlsizdir, deb yozmoqda Adliya vazirligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, tasvirga bo‘lgan huquqi buzilgan deb hisoblagan shaxs Fuqarolik protsessual kodeksda belgilangan tartibda sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilishi mumkin.

Biroq, milliy qonunchilikda fuqaroning tasvirga bo‘lgan huquqi daxlsizligi chegaralari aniq belgilanmagan.

Xususan, fuqaroni ommaviy tadbirlarda ishtirok etish paytida yoki jamoat joylarida tasvirga tushirish hamda ushbu tasvirdan foydalanish uchun ushbu fuqaroning roziligi talab qilinishi yoki talab qilinmasligi masalasi qonunchilikda nazarda tutilmagan.

Bu axborot tarqatishning oson va tezkor usullari mavjud bo‘lgan hozirgi davrda jamiyatda, shu jumladan Internet tarmog‘ida, fuqarolar o‘rtasida ayrim nizo va tushunmovchiliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan ushbu masala bo‘yicha xorijiy davlatlar qonunchiligi o‘rganilganda, aksariyat davlatlarda (Argentina, Avstriya, Belgiya, Daniya, Xitoy, AQSh, Isroil, Italiya, Rossiya, Shvetsiya va boshqa.) shaxsni foto yoki video tasvirga tushirish uchun ushbu shaxsning roziligi talab etilmasligi ma'lum bo‘ldi.

Biroq, Braziliya, Ispaniya va Shveytsariyada shaxsni tasvirga tushirish uchun albatta ushbu shaxsning roziligi olinishi shart. Xususan, Shveytsariyada shaxsning tashqi ko‘rinishini har qanday holatda va joylarda rasmga olish uning huquqlari buzilishi hisoblanadi.

Shuningdek, ayrim holatlarda shaxsning foto yoki video tasvirlarini tarqatish uchun uning roziligi talab etilmaydi. Masalan, ommaviy tadbirlarda (konsert, bayram sayillari va boshqa) va jamoat joylarida (ta'lim muassasalari, hayvonot bog‘i, sayilgohlar va boshqa) olingan tasvirlar (Daniya, Fransiya, Rossiya); shaxsning tasviri tushirilgan nashrlar faqat ilmiy, pedagogik yoki madaniy maqsadlar uchun foydalanilsa (Chexiya); fotosurat boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qilish yoki amalga oshirish, shuningdek davlat va jamoat manfaatlari uchun foydalanganda (Braziliya, Kanada).

O‘rganish natijalariga asosan, mazkur masalaning bugungi kunda dolzarbligi inobatga olingan holda vazirlik tomonidan milliy qonunchilikka shaxsning tasvirga bo‘lgan huquqini amalga oshirish mexanizmlarini aniq belgilovchi normani kiritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top