21:20 / 15.01.2020
0
83953

Mixail Mishustin Rossiyaning yangi bosh vaziri bo‘ladi

Mixail Mishustin Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri bo‘ladi.

Foto: RF prezidenti matbuot xizmati/TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Davlat dumasiga Federal soliq xizmati (FNS) rahbari Mixail Mishustinni hukumat raisi lavozimiga tayinlash taklifini kiritdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar qilgan.

Putin Mishustin bilan ishchi uchrashuv o‘tkazgan va unga bosh vazir lavozimini egallashni taklif qilgan. Mishustin rozilik bildirgan.

Bugun, 15 yanvar kuni Vladimir Putin Rossiya konstitutsiyasini o‘zgartirishni taklif qildi va Dmitriy Medvedev boshchiligidagi hukumatini iste'foga chiqardi.

Medvedev Putin bilan uchrashuvda davlat rahbarining konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi taklifi fonida bu qarorni to‘g‘ri deb hisoblashini, taklif qilingan o‘zgarishlar ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud hokimiyati o‘rtasidagi muvozanatni o‘zgartirishini ta'kidlagan.

Putin Medvedev uchun Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari lavozimini taklif qildi.

Mixail Mishustin haqida

Mixail Mishustin 1966 yilning 3 martida Moskvada tug‘ilgan. 1989 yilda Moskva stankoinstrumental institutini (STANKIN) tamomlagan. Iqtisodiy fanlar doktori, Rossiya Federatsiyasining I toifadagi davlat maslahatchisi hisoblanadi.

U 1989-1992 yillarda - STANKIN aspiranti, 1992-1995 yillarda - Rossiyadagi eng katta kompyuter ko‘rgazmalaridan biri Xalqaro kompyuter klubining sinov laboratoriyasi direktori, 1995-1996 yillarda - klub bosh direktori o‘rinbosari, klub boshqaruv raisi bo‘lgan.

1998 yil avgustida Rossiya Federal soliq xizmati raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 1999 yil martidan 2004 yil martiga qadar RF Soliq va yig‘imlar vaziri o‘rinbosari bo‘lgan, 2004 yil martidan 2006 yil dekabrigacha Federal ko‘chmas mulk obektlari kadastri agentligini boshqargan. 2007 yil yanvaridan 2008 yil martiga qadar esa Federal maxsus iqtisodiy zonalarni boshqarish agentligiga rahbarlik qilgan.

2008 yil martida Mishustin UFG («OFG Invest») investitsiya kompaniyasi prezidentiga aylangan.

U 2010 yil 6 aprelidan buyon Rossiya Federal soliq xizmati raisi hisoblanardi.

Qayd etishlaricha, Mishustin ham Putin kabi hokkey ishqibozidir. Ushbu amaldor Rossiya hokkey federatsiyasi boshqaruv kengashi tarkibiga hamda TsSKA hokkey klubining kuzatuv kengashiga a'zo hisoblanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top