18:02 / 15.01.2020
2
11037

Tuhmat uchun ozodlikdan mahrum etish jazosini bekor qilish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi prezident qarori asosida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum etishni chiqarib tashlash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqdi. Loyiha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan.

«Qonun loyihasi bilan quyidagi havola orqali tanishingiz va o‘z takliflaringizni bildirishingiz mumkin», deya yozadi AOKA direktori Komil Allamjonov telegramdagi kanalida.

2019 yilning 14 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlashga qaratilgan qaror imzolagan, unga ko‘ra mansabdor shaxslarning jurnalistlarga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlari yoki qarorlaridan himoya qilish tizimi kuchaytirilishi ko‘zda tutilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning dekabr oyi oxirida Andijonda bloger Abdufatto Nuritdinov tuhmat, haqorat va bezorilikda ayblanib 15 sutka ma'muriy qamoq bilan jazolangandi.

Komil Allamjonov ushbu holatga munosabat bildirgandi.

«Bizning agentlik fuqaro Abdufatto Nuritdinov bilan bog‘liq sud qaroriga ta'sir ko‘rsatishga haqli emas. Aybdor tomon sud qaroridan norozi bo‘lsa, kassatsiya tartibida yuqori turuvchi sud instansiyasiga murojaat qilishi mumkin.

Ushbu holat tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum etish normasini tezroq bekor qilishni taqozo qiladi», degandi Allamjonov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top