08:32 / 16.01.2020
0
16848

2019 yilda qancha shaxs sudlangani ma'lum bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

2019 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 36 845 nafar shaxsga nisbatan 28 846 ta ish ko‘rib chiqildi. Mazkur ko‘rsatkichlar 2018 yilga nisbatan shaxslar bo‘yicha 24,2 foizga, ishlar bo‘yicha esa 24,4 foizga kamaygan. Bu haqda Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi.

859 nafar shaxs oqlandi va reabilitatsiya qilindi, sudlangan shaxslar soni 27 603 nafarni tashkil etib, shundan 6 957 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 19 278 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 1 368 nafar shaxs shartli hukm qilindi. Sudlangan shaxslarning 24 491 nafari erkaklar, 3 112 nafari ayollar, 10 700 nafari yoshlar (shu jumladan 497 nafari voyaga yetmaganlar) va 873 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar.

Shuningdek, 3 080 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ozod qilindi, 26 436 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 8 028 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirildi va 6 665 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.

270 nafar shaxsga Yoshlar ittifoqi, 210 nafar ayolga Xotin-qizlar qo‘mitasi va 1 373 nafar shaxsga mahalla fuqarolar yig‘inlarining kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

2018 yilga nisbatan ayrim jinoyat turlari, xususan, transport vositasini olib qochish, qasddan odam o‘ldirish, bosqinchilik, talonchilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, o‘g‘rilik, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish, bezorilik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlash, fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish, odam savdosi, mansab soxtakorligi, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish kabi jinoyatlar uchun sudlanganlik ko‘rsatkichlari kamaydi.

Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 7 329 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

Yetkazilgan 443,9 mlrd. so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 3 187 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

13 890 ta jinoyat ishi, ya'ni barcha ishlarning qariyb 48,2 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan nazorat tartibida 1 788 nafar shaxsga nisbatan 1 486 ta ish ko‘rib chiqildi. 1 037 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilindi va 581 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top