11:55 / 16.01.2020
0
44124

«Chorsu» mehmonxonasi elektron onlayn savdolarga chiqarilmoqda. Boshlang‘ich narxi - 1 so‘m

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahridagi “Chorsu” mehmonxona majmuasi davlat aktivlarini sotishda inson omilini kamaytirish, jarayonlarning shaffofligini ta'minlash maqsadida elektron onlayn savdolarga chiqarilmoqda.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, boshlang‘ich narxi - 1 so‘m. Auksionning har bir bosqichi 100 mln. so‘m.

Sarmoyador 2 yil mobaynida hukumat kafolatlarisiz kamida 25,0 mln AQSh dollarga teng ekvivalentda investitsiyalar kiritishi, uch yulduzli mehmonxona xizmatini tashkil etishi hamda 150 ta yangi ish o‘rni yaratishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 9 martdagi shartnomaga ko‘ra, “Chorsu” mehmonxona majmuasi “Inter Tourism” mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonaga 2017 – 2019 yillar mobaynida hukumat kafolatisiz 33,0 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish orqali 270 o‘ringa mo‘ljallangan 4 yulduzli mehmonxona majmuasini qurish va 350 ta yangi ish o‘rnini yaratish sharti bilan sotilgan edi.

Xorijiy korxona tomonidan oldi-sotdi shartnomasida belgilangan majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmagani sababli, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil 2 iyuldagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi shartnoma bekor qilingan.

Hukumatning tegishli topshirig‘iga ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq “Chorsu” mehmonxona majmuasidan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida, mazkur obektni investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan takroran ommaviy savdolarga chiqarishni ko‘zda tutgandi.

Undan oldin, Toshkent hokimi nima uchun Ahmet Demir “Chorsu” mehmonxonasini qura olmasligini aytgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top