14:56 / 16.01.2020
0
31367
Impichment ishi Senatga yuborildi. Demokratlarda Trampga qarshi yangi dalillar bor

AQSh Kongressi prezidentning impichmentiga oid ishni Senatga yo‘naltirish uchun ovoz berdi. Bu Donald Tramp o‘z lavozimida qolish-qolmasligi hal qilinadigan jarayonni boshlab berdi. Senatdagi eshituvlar keyingi haftadayoq boshlanishi kutilmoqda.

Jyerrold Nadler, Pelosi va Shiff Trampning «jinoyatlari» haqida gapirishmoqda

Ayblov moddalarini Senatga yuborish Vakillar palatasi Qo‘shma Shtatlar prezidentiga impichment e'lon qilganidan qariyb bir oy vaqt o‘tib amalga oshmoqda.

Rasmiy ayblovlarning tasdiqlanishi davlat rahbari lavozimini tark etishini anglatmaydi - qarorni Senat qabul qiladi.

Chorshanba kuni o‘tkazilgan ishni Senatga oshirish bo‘yicha ovoz berish jarayonida kutilgan natija qayd etildi: qarorni Minnesotadan bo‘lgan kongressmen Kollin Pitersondan tashqari barcha demokratlar qo‘llab-quvvatlashdi, barcha respublikachilar qarshi chiqishdi - 228 kongressmen qarorni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 193 nafari qarshi ovoz bergan.

Ovoz berish jarayoni boshlanishidan avval Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Senatdagi eshituv vaqtida ayblovchilar vakillari sifatida qatnashadigan «menejyerlar»ni tayinladi.

Bu guruhni Kongressning razvedka bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Adam Shiff boshqaradi. Guruh a'zolari tarkibidan yuridik qo‘mita rahbari Jyerrold Nadler, shuningdek, kongressmenlar Zoi Lofgren, Hakim Jyeffris, Vel Demings, Jyeyson Krou va Silviya Garsia ham o‘rin olishgan.

Senatdagi eshituv qachon boshlanadi?

Bugun Vakillar palatasi vakillari spiker Nensi Pelosi bilan impichment moddalari matnining so‘nggi tahririni tasdiqlash bo‘yicha uchrashuv o‘tkazadi.

AQSh prezidenti o‘z mansabini suiiste'mol qilish va Kongress ishiga xalaqit berishda aybdor deb topilgan.

Keyin esa ayblov moddalari rasman Senatda taqdim etiladi. Shu bilan bir vaqtda senatorlar AQSh prezidentiga qarshi ayblovlarni «xolisona» ko‘rib chiqishga qasamyod qilishadi. Jarayon Oliy sud raisi Jon Robers tomonidan boshqarib boriladi.

Senatda ko‘pchilikni tashkil qiluvchi respublikachilar vakili bo‘lmish Mitch Makkonnellning fikricha, majlis keyingi hafta, 21 yanvar kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Chorshanba kuni Donald Tramp yana bir marta Vakillar palatasidagi ovoz berish natijalarini «bema'nilik» deb atadi va Kongressdagi respublikachilarni o‘zini himoya qilishga chaqirdi.

Oq uyda AQSh va Xitoy savdo nizolarini hal qilishning birinchi bosqichi to‘g‘risida bitim imzolash vaqtida jurnalistlar savollariga javob bera turib, AQSh prezidenti respublikachi kongressmenlarga yuzlandi va ularni Kapitoliy tepaligiga qaytishga chaqirdi.

«Men sizlar bu yerda o‘tirmasdan, u yerda ovoz berishda qatnashishingizni afzal ko‘raman. U yerda ahmoqona ish bo‘lmoqda, keling, shular bilan shug‘ullanaylik», dedi Donald Tramp.

Yangi dalillar

Vakillar palatasi Trampning impichmenti bo‘yicha dekabr oyida ovoz bergandi. Prezidentni lavozimidan chetlatish uchun senatorlarning uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak. Deyarli barcha tahlilchilarning fikricha, Senatda respublikachilar son jihatdan ustunlik  qilgani tufayli Trampning impichmenti ehtimoli juda past. Vakillar palatasidagi ovoz berish jarayonlarida birorta respublikachi impichmentni yoqlab ovoz bermagan. Ayni vaqtda impichmentning ashaddiy tarafdori bo‘lgan demokratlar ham Senatda g‘olib chiqishga umid qilishmayapti.

Vakillar palatasi spikerining so‘zlariga ko‘ra, demokratlar impichment e'lon qilinganidan keyingi o‘tgan bir oy davomidagi tanaffus vaqtida prezidentga qarshi yangi hujjatlar, u qonunlarni buzganiga yangi guvohliklarni to‘plashgan.

Nyu-Yorkning sobiq meri va Trampning shaxsiy advokati Rudi Juliani - AFP

«Vaqt bizning foydamizga ishladi, tanaffusda prezidentni fosh qiluvchi qo‘shimcha dalillar to‘pladik», deya izoh bergan Nensi Pelosi.

Senatga yuboriladigan yangi hujjatlar qatorida - prezidentning shaxsiy advokati Rudolf Juliani imzolagan maktub nusxasi ham bo‘lib, bu maktub Oq uy rahbari huquqshunosining o‘zining 2020 yildagi prezidentlik saylovlaridagi asosiy raqibi bo‘lishi kutilayotgan sobiq vitse-prezident Jo Baydenga qarshi kompromat yig‘ishga urinayotganidan xabardorligini tasdiqlaydi, prezident advokati Ukraina rahbari bilan shaxsan uchrashuv o‘tkazishini ma'qullagan.

Hujjatlar ichiga Juliani Vladimir Zelenskiyga yuborgan maktub nusxasi ham tirkalgan.

«Men Prezident Trampning shaxsiy vakili bo‘laman, uning ruxsati va topshirig‘i bilan men keyingi dushanba, 13 may yoki keyingi seshanba, 14 may kuni uchrashuv o‘tkazilishini talab qilaman», deya yozgan Juliani.

Shu vaqtgacha Kongressdagi respublikachilar, shuningdek prezident Trampning o‘zi ham bir necha bor Qo‘shma Shtatlar prezidenti shaxsiy advokatning harakatlaridan voqif emasligini ta'kidlagandi. Ammo yangi hujjatlar ko‘rsatmoqdaki, Rudolf Juliani prezident ruxsati va topshirig‘i bo‘yicha harakatlangan.

AQSh prezidenti tomonidan saylov kampaniyasini moliyalashtirish qoidalari buzilishining yana bir dalili kelib chiqishiga ko‘ra SSSRdan bo‘lgan Lev Parnas taqdim etgan fayllar va hujjatlar bo‘lishi mumkin.

Parnas tomonidan yozilgan bitikda Zelenskiyning familiyasi xato bilan yozilgan
HOUSE INTELLIGENCE COMMITTEE

U tergov bilan hamkorlik qilishga rozilik bergan va demokratlarga nafaqat shaxsiy telefonida saqlanayotgan fayllarni, balki boshqa hujjatlarni ham taqdim etgan.

Ular orasida Parnas tomonidan yozilgan, Zelenskiy Jo Baydenga qarshi tekshiruv boshlashi shart ekani uqtirilgan va ultimatum qo‘yilgan yozuv ham bor.

«Zelenskiyni Bayden ishi bo‘yicha tekshiruv boshlashga undang», deyiladi yozuvda.

Parnasning so‘zlariga ko‘ra, u Zelenskiy jamoasidagilar bilan aloqalarni Juliani ko‘rsatmasi bo‘yicha o‘rnatgan, advokat esa Trampga bu muzokaralar haqida axborot berib borgan.

«Prezident Tramp nimalar bo‘layotganini bilardi. U mening barcha harakatlarimdan xabardor edi. Men Rudi Juliani yoki prezident topshirig‘isiz hech ish qilmaganman», deya qayd etgan u.

Juliani Parnasning bayonotini «qayg‘uli» deb atagan.

«U uchun afsusdaman. Men uni olijanob odam deb o‘ylagan ekanman. Ammo xato qilgan ekanman», degan u.

Shuningdek, hujjatlarda Parnas va Juliani AQShning Ukrainadagi elchisi Meri Yovanovichni kuzatishgani va alal-oqibat u iste'foga chiqarilishiga erishishgani keltirilgan. Bu kuzatuvlar aynan kimlar tomonidan amalga oshirilgani hozircha ma'lum emas.

Lev Parnas Rudi Juliani bilan yaxshi tanish bo‘lgan REUTERS

Yovanovich 2019 yil bahorida iste'foga chiqarilgan, AQSh Davlat departamenti «u AQSh prezidentiga yoqmagani»ni ma'lum qilgandi.

Trampning tarafdori, Kongress a'zoligiga nomzod bo‘lgan Robert Haydning Parnas bilan yozishmasida shunday deyilgan: «Mana bu boshqa gap. Tramp shu vaqtgacha nega bu urg‘ochini ishdan bo‘shatmaganiga ishongim kelmaydi. Men buni zudlik bilan qilgan bo‘lar edim».

Shundan so‘ng Hayd yana bir necha xabar jo‘natgan, ularda Julianining odamlari AQSh elchisini doimiy ravishda kuzatishgani aytilgan.

«Ular puli to‘lansa yordamga tayyor», deya yozgan u kuzatish bilan shug‘ullanganlarni nazarda tutgan holda.

Donald Tramp omma oldidagi chiqishlaridan birida, elchi Yovanovich - «yomon yangilik» ekanini aytib, diplomatni o‘z ixtiyori bilan ketishga chaqirgandi.

Prognozlarga ko‘ra, yangi dalillar ham Senatdagi jarayon natijasiga ta'sir ko‘rsatishi dargumon.

Respublikachilar rahbariyati bir necha marta prezidentni qo‘llashini ta'kidlagan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top