13:55 / 16.01.2020
1
23715
Peterburgda amaldor o‘zbekistonlik fuqaroni haqorat qilgani uchun jazolandi
Illyustrativ foto

O‘zbekiston fuqarosi Sankt-Peterburgdagi inson huquqlari bo‘yicha vakili Aleksandr Shishlovga Viborg tumani davlat va munitsipal xizmatlar ko‘rsatish markazi xodimasi ustidan shikoyat bilan murojaat qildi.

U boshqa millatga mansubligi sababli o‘ziga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortgan davlat va munitsipal xizmatlar ko‘rsatish markazi xodimasining noloyiq xatti-harakatlari haqida xabar berdi, deb yozmoqda Abnews.

«Inspektor S. beparvolik qilib, arizani o‘ylab topilgan sababga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortdi va qo‘pollik bilan pasportim hamda hujjatlarimni menga otib yubordi», - deyiladi ombudsmenga murojaatda.

O‘zbekiston fuqarosining qo‘shimcha qilishicha, boshqa inspektorni kutishga majbur bo‘lgan va u qog‘ozlar to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshirgandan so‘ng o‘z ishini bajargan.

Aleksandr Shishlov murojaatda ko‘rsatilgan ma'lumotlarni tekshirish tashabbusi bilan chiqdi. Sankt-Peterburgdagi inson huquqlari bo‘yicha vakolatli vakilning saytidagi xabarda aytilishicha, tekshiruvdan so‘ng davlat va munitsipal xizmatlar ko‘rsatish markazi xodimasining nomaqbul xatti-harakati tasdiqlangan, u intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun markaz rahbariyati xodimlarga muomala madaniyati va me'yorlariga rioya qilish zarurligini eslatib o‘tdi, shuningdek, inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik qilish mumkin emasligiga urg‘u berdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top