20:35 / 16.01.2020
1
10589
Surxondaryo viloyatidan Oliy Majlisi Senati a'zolari saylandi

16 yanvar kuni Termiz shahridagi San'at saroyida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, faollar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Viloyat hokimligini axborot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Sh.Qudratxodjayevning taklifi bilan 54-Toqchiyon saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati A.Ahmedov qo‘shma yig‘ilishning raisi etib tasdiqlandi.

Qo‘shma majlisning kun tartibiga bitta — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zoligiga Surxondaryo viloyatidan vakillar saylash to‘g‘risidagi masala kiritildi.

Deputatlar kun tartibidagi masala yuzasidan qo‘shma majlis ishini ishini olib borish uchun ishchi hay'ati, tushgan takliflarni hisobga olish va qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirish uchun majlis kotibiyati, Oliy Majlisi Senati a'zoligiga nomzodlar ko‘rsatish bo‘yicha Maslahat kengashi, yashirin ovoz berishni o‘tkazish va uning natijalarini aniqlash uchun Sanoq komissiyasi a'zolarini sayladilar.

Maslahat kengashi Senat a'zolarini saylash bo‘yicha nomzodlarni ko‘rib chiqish uchun maxsus ajratilgan maslahat xonasida to‘plandilar. Maslahatlashuvdan so‘ng yashirin ovoz berish byulleteniga kiritish uchun Senat a'zoligiga nomzodlar bo‘yicha taklif o‘qib eshittirildi. Nomzodlarning alohida-alohida eshituvi, muhokamasi va yoqlab ovoz berish natijalariga ko‘ra ularni saylov byulleteniga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shundan so‘ng deputatlar yashirin ovoz berish kabinalarida Senat a'zoligiga nomzodlar uchun ovoz berdilar.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra qo‘shma majlisda hozir bo‘lgan deputatlarning ellik foizdan ko‘p ovozini olgan 6 nafar nomzod:

3-«Darband» saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Abdiyevich Bobolov;

4-«Yangiobod» saylov okrugidan Qiziriq tumani Kengashi deputati, Qiziriq tumanidagi 17- umumta'lim maktabi direktori Baxtigul Abdurahmatovna Bo‘tayeva;

21-«Jarqo‘rg‘on» saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati, Termiz shahridagi «Surxon sanoat qurilish» kompaniyasi boshqaruvi raisi Bahodir To‘xtayevich Qodirov;

56-«Sariosiyo» saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati, «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abdug‘ani Abdurahmonovich Sanginov;

10-«Navoiy» saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi viloyat Kengashi raisining keksalar va faxriylar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Arziqul Chorshanbiyevich Soatov;

1-«Boysun» saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati, Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Hamidovich Toshqulov Surxondaryo viloyatdan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zoligiga saylandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top