07:46 / 16.01.2020
0
15731

Vazirlik: O‘zbekistonda ilk bor xorijda ishlash istagida bo‘lganlar uchun mehnat yarmarkasi o‘tkazildi

Foto: migrant-today.ru

O‘zbekistonda ilk bor chet elda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar bermoqda.

2020 yil 15 yanvar kuni Andijon hamda Qashqadaryo viloyatida tashkillashtirilgan yarmarkalarda xorijlik ish beruvchilar o‘zlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim qilishdi.

Andijonda tashkil etilgan tadbirda Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti rahbari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakillari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimlari ishtirok etdi. 

Yarmarkada Rossiya Federatsiyasi, Latviya, Bolgariya vakillari o‘z takliflari bilan ishtirok etdi. Shuningdek ularning qatorida O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan 20 ga yaqin xususiy bandlik agentligi vakillari ham qatnashdi. Yarmarkaga tashrif buyurgan mingdan ziyod fuqaro esa jami 150 ga yaqin yo‘nalishda 9000 dan ziyod xorijdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma'lumot olish imkoniga bo‘ldi.

Yarmarkada ishtirok etgan 500 nafarga yaqin fuqaro ish beruvchilar taqdim etgan ish o‘rinlarida faoliyat ko‘rsatish istagini bildirdi, deyiladi ma'lumotda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top