02:14 / 17.01.2020
0
27636
Rossiyaning yangi bosh vaziri Grigoriy Leps qo‘shiqlari muallifi bo‘lib chiqdi
Foto: Izvestiya

Rossiyaning yangi bosh vaziri Mixail Mishustin taniqli kompozitor bo‘lib chiqdi. “Vedomosti” nashrining manbalarga tayanib xabar berishicha, Mishustin rossiyalik taniqli qo‘shiqchi Grigoriy Lepsning bir nechta qo‘shig‘i musiqasi muallifi hisoblanadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Mishustin Lepsning “Nastoyashaya jyenshina”, “Zola” nomli qo‘shiqlari musiqasini yozgan. Bu ma'lumot Rossiya mualliflik jamiyati saytida ham keltirilgan.

Mishustinning hamkasblari va tanishlari uning lapar (chastushka), hajviy kupletlar va epigrammalar yozishga qiziqishini ma'lum qilishgan. “Mishustin ko‘plab musiqachilar va shoumenlarni taniydi, Ivan Urgant va Comedy Club’ni yoqtiradi”, deyilgan nashrda.

O‘z navbatida Grigoriy Leps yuqoridagi ma'lumotni tasdiqlamagan. U bu yangilikni hazil deb atagan. “Bularning barchasi mish-mish. Nimalar deyapsiz! Musiqa qayda-yu, Mishustin qayda? Siyosatchilar siyosat bilan shug‘ullansin, musiqani esa biz – musiqachilarga qo‘yib berishsin”, deb aytgan Leps.

Biroq “Zola” va “Nastoyashaya jyenshina” qo‘shiqlarining hammuallifi Aleksandr Vulix “Vedomosti”ga Mishustin ikkala kompoziyatsiyaga ham musiqa yozganini tasdiqlagan.

15 yanvarda Dmitriy Medvedev Rossiya hukumatining to‘liq tarkibda iste'foga ketishini ma'lum qilgan. Keyinroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Federal soliq xizmati rahbari Mixail Mishustinning nomzodini bosh vazir lavozimiga taklif qilgan. 16 yanvarda Davlat dumasi deputatlari Mishustinning nomzodini bir ovozdan ma'qullashgan va shundan keyin Putin uni bosh vazir etib tayinlash haqidagi farmonni imzolagan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top