12:36 / 17.01.2020
1
21302

Saudiya Arabistoni qo‘shinlar joylashtirilishi uchun AQShga ilk 500 mln dollarni to‘lab berdi

Foto: Global Look Press

Saudiya Arabistoni hukumati AQSh qo‘shinlari va harbiy texnikasining podshohlikda joylashtirilishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash maqsadida Vashingtonga 500 mln dollar to‘lab berdi. Bu haqda AQSh mudofaa vazirligi rasmiy vakili Rebekka Rebarixga iqtibos keltirgan holda CNN telekompaniyasi xabar berdi. 

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh qo‘shinlari Iroqdan chiqarilgudek bo‘lsa, unda Vashington Iroqda qurilgan harbiy baza va elchixona uchun Bag‘doddan kompensatsiya olishi mumkinligini aytgandi. Tramp bunday yondashuvga Oq uyning Ar-Riyod bilan harbiy hamkorligini misol qilib keltirib o‘tgan. “Bizga pul to‘lagan Saudiya Arabistoniga qo‘shin jo‘natdik. Ular bankdagi depozitga 1 mlrd dollar kiritishdi”, deb aytgan Tramp.  

Rebarixning ta'kidlashicha, Saudiya Arabistoni AQSh qo‘shinlarining joylashtirilishi bilan bog‘liq xarajatlarni ko‘tarishda yordam berishga rozi bo‘lgan va birinchi badalni kiritgan. Pentagon vakilining aytishicha, 2019 yil dekabrda kiritilgan ushbu birinchi badal qiymati 500 mln dollarga yaqinni tashkil qilgan. 

Pentagon 2019 yil 11 oktyabrda Saudiya Arabistoniga qo‘shimcha 3 ming harbiy yuborishini, u yerda qiruvchi samolyotlar ikkita eskadrilyasi, Patriot zenit-raketa majmuasining ikkita batareyasi va THAAD raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini joylashtirishini e'lon qilgan. AQSh ma'muriyati bunday qarorni 14 sentyabrga o‘tar kechasi Saudiya Arabistonining Saudi Aramco neft kompaniyasining ikkita obektiga zarbalar berilgandan keyin qabul qilgan. Ushbu hujumlar uchun javobgarlikni yamanlik husiychilar o‘z zimmasiga olgandi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top