20:41 / 17.01.2020
0
6986
«Vakolatli organlar o‘z xizmatini bizga berishni istamaydi» – DXA boshqarma boshlig‘i

Davlat xizmatlari markazlarida ba'zi xizmat turlarini amalga oshirish muddatlarining cho‘zilib ketishi, vakolatli organ va markaz o‘rtasida fuqaroning sarson bo‘lish hollari – idoralararo integratsiyaning yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani bilan bog‘liq.

Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi boshqarma boshlig‘i Mahmud Abdujaliyev aytib o‘tdi.

«Tizimda bunday kamchiliklarning yuzaga kelishida ikki sabab mavjud. Birinchidan, vakolatli organlar o‘z xizmatini bizga berishni istamaydi, ular bundan manfaatdor emas. Chunki bunda biz ularning ish jarayonini kuzatamiz, monitoring qilamiz, talab etilganda javobgarlikka tortamiz.

Ikkinchidan, har bir davlat idorasi o‘zida mavjud ma'lumotlar bazasini raqamlashtirishi lozim. Agar kerakli baza raqamli shaklga o‘tkazilmagan bo‘lsa, davlat xizmatlarini sifatli ko‘rsatishning imkoni yo‘q, integratsiya ham talab darajasida bo‘lmaydi. Bu jarayon sekinlik bilan kechmoqda», – degan Abdujaliyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

DXA boshqarma boshliqlari - Ilhomjon Abdusattorov (chapda) va Mahmud Abdujaliyev (o‘ngda)

DXA faoliyati tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumanida qayd etilishicha, elektr, gaz, suv hisoblagichlari bilan bog‘liq amaliyotlarni Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish hukumat qarori bilan belgilangan. Ammo bu bo‘yicha tizim to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan, bu esa o‘z navbatida, ma'lumotlar integratsiyasi bo‘yicha talablarning vakolatli organlar tomonidan bajarilmayotgani bilan bog‘liq.

Agentlikning Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Ilhomjon Abdusattorov kommunal hisoblagichlarning o‘rnatilishi masalasiga to‘xtaldi.

«Xizmatlarni hududlardagi DXM orqali sifatli ko‘rsatish uchun vakolatli organ integratsiyani yo‘lga qo‘yishi kerak. Ammo bu bo‘yicha biz tomondan qo‘yilgan talablar o‘z vaqtida bajarilmadi. Shuning yuzasidan «Hududiy gaz ta'minot», Energetika vazirligi, Uy-joy kommunal vazirligi vakillariga nisbatan ma'muriy choralar qo‘llanildi. Hozirga kelib suv hisoblagichlarini o‘rnatish amaliyoti, kadastr masalalari bo‘yicha xizmatlar yaxshiroq yo‘lga qo‘yila boshlandi. Agar qandaydir muammolar bo‘layotgan bo‘lsa, bu avvalgi murojaatlarning jamlanib qolgani bilan izohlanadi», ― dedi Abdusattorov.

Uning aytishicha, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda fuqarolar duch kelayotgan ba'zi noqulayliklar uchun mas'uliyatni faqatgina DXA emas, boshqa vakolatli organlar ham o‘z zimmasiga olishi kerak.

«Xizmat ko‘rsatishdagi ba'zi muammolar bo‘yicha fuqarolar yozyapti. O‘z o‘rnida, DXA ham fikr bildiryapti. Ammo shu xizmatning ko‘rsatilishda daxldor bo‘lgan boshqa idoralar munosabat bildirmayapti. Holatni aniq tushuntirib bera olmaydi. Ular ham jon kuydirishi lozim», – deydi Ilhomjon Abdusattorov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top