14:59 / 18.01.2020
8
46021
Muborak hokimiga Oliy suddan yuqoriroq organ qarori kerak. Yoxud Javliyev bir yil keyingi voqealarni oldindan sezgan(mi?)
Foto: Muborak tumani hokimligi

Sarlavha atay bo‘rttirilmadi, mubolag‘a qilinmadi. Sababi, Oliy sud fuqaro foydasiga hal qilgan ish uch oydirki, Muborak tumani hokimligi tomonidan e'tiborsiz qoldirilmoqda.

Aslida e'tiborsiz qoldirilyapti, deyish ham unchalik to‘g‘ri emas. Hokimlik Oliy sud qarorini qasddan ijro qilmaslik va yerni fermerga qaytarib bermaslik uchun astoydil bel bog‘lagan ko‘rinadi.

Keling, voqealarni biroz avvalroqdan hikoya qilsak...

«Agro star-invest» fermer xo‘jaligi 2014 yilda tashkil etilgan bo‘lib, paxta va g‘allachilik yo‘nalishiga ixtisoslashgan. 62 gektar yer maydoniga ega.

Muborak tumani hokimi G‘.Javliyev 2019 yilning 22 yanvarida qaror qabul qilib, «Agro star-invest» fermer xo‘jaligining yer maydonini Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi maqbullashtirishga oid 14-sonli qarorini bahona qilib, tuman zaxira fondiga qaytargan.

Fermer xo‘jaligi va hokimlik o‘rtasidagi yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilib, tuman zaxira fondiga qaytarishda qonun hujjatlari qo‘pol ravishda buzilgan.

Huquqlari poymol bo‘lgan fermer hokimning qarorini haqiqiy emas, deb topishni so‘rab dastlab Muborak tuman ma'muriy sudiga ariza kiritadi. Sudning 2019 yil 20 maydagi hal qiluv qarori bilan uning arizasi qanoatlantirishdan rad etilgach, shu sudning viloyat instansiyasiga apellyatsiya tartibida shikoyat kiritadi. Lekin, apellyatsiya instansiyasi ham hokimning qarorini haqiqiy emas deb topishga asos yo‘q, degan xulosaga keladi.

Qashqadaryodagi sudlardan hafsalasi pir bo‘lgan fermerning muammolari nihoyat Oliy sudda ijobiy yechim topdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil 11 oktyabrdagi qarori bilan Muborak tuman ma'muriy sudining 2019 yil 20 maydagi hal qiluv qarori va Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2019 yil 20 iyundagi qarori bekor qilinadi.

Muborak tuman hokimining 2019 yil 22 yanvardagi X-287/01-sonli qarori haqiqiy emas deb topilib, hokim zimmasiga shu qarorning oqibatlarini bartaraf etish majburiyati yuklatiladi. Bundan tashqari, hokimlik hisobidan «Agro star-invest» fermer xo‘jaligi foydasiga davlat boji uchun to‘langan 4 mln so‘mni undirish belgilanadi.

Hokim Oliy suddan «yuqori» organni izlamoqda

Fermer Oliy sud qaroridan so‘ng barcha muammolar hal bo‘ldi, deb o‘ylagan edi. Biroq chuchvarani xom sanaganini keyinroq tushunib yetdi.

Dastlab, sud qarori o‘z-o‘zidan ijro etilishini kutgan «Agro star-invest» fermer xo‘jaligi rahbari Zayniddin Qurbonov, amalda bunday bo‘lavermagach sud qarorini ijro etilishini so‘rab tuman hokimiga xat bilan murojaat qildi.

Ammo murojaatiga juda g‘alati mazmunda javob xati oldi.

Tuman hokimi imzolagan javob xatida quyidagi so‘zlar bitilgan edi:

Oliy sudning 2019 yil 11 oktyabrdagi qarori ustidan yuqori lavozimli organ rahbarlari nomiga shikoyat arizasi jo‘natilganini ma'lum qilamiz.

Lekin, xatda «yuqori lavozimli organ» kim yoki qaysi tashkilot ekani haqida yozilmagan. Har qancha urinsakda Oliy sud qarorini bekor qilib tashlay oladigan «yuqori lavozimli organ rahbarlari» kimligini bilish bizga nasib etmadi.

Qiziq-a, shunday emasmi?

Nahotki O‘zbekiston Respublikasi Bosh qomusining 114-moddasida sud hokimiyati chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy etib belgilab qo‘yilganidan Muborak tuman hokimi yoki unga mazkur xat loyihasini tayyorlab bergan mas'ul xodim bexabar bo‘lsa.

Oliy sud qarori va fermer arosatda

Mana, bir yildan oshyaptiki fermer yersiz, uch oydirki Oliy sud qarori ijrosiz, arosatda qolmoqda.

Bu orada fermer boshlagan loyihalarini amalga oshirolmay, kundan-kunga iqtisodiy tomondan orqaga ketyapti.

Hozirgi vaqtda Z.Qurbonovdan qaytarib olingan yerda «Mahmadamin Shohjahon», «Xurrambek Nurbek Eldorbek» fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatyapti. Murojaatchining aytishicha, bu ikki fermer xo‘jaligida zarur texnikalarning o‘zi yo‘q.

Bunga hokimning o‘zi nima deydi?

 Muborak tumani hokimi G‘ayrat Javliyev bilan telefon orqali muloqot qildik.

«Bugun yerni undan samarali foydalanadigan haqiqiy egalarini topib berish bizning ham maqsadimiz. Ochig‘ini aytaman, ushbu fermer xo‘jaligi rahbari qo‘shni G‘uzor tumanida istiqomat qiladi. Shuning uchun ham ko‘plab yig‘ilishlarimizda qatnasha olmaydi. Viloyatdan so‘rab qolishadi, yo‘qlama qilishadi, shunday vaqtda qo‘shni tumandan yetib kelolmaydi. Yeriga qaramaydi. Eng asosiysi, endi men xohlaganim bilan ham yerni unga berolmayman. Chunki bu hududlar Vazirlar Mahkamasining qarori bilan klaster uchun ajratilyapti», – dedi G‘.Javliyev.

Hokim hudud klaster uchun ajratilgani to‘g‘risidagi hujjatni yuborishini aytdi.

Ushbu hujjat Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 noyabrda qabul qilingan «Respublika hududlarida paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini joriy etish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bo‘lib, unda Qashqadaryoning bir qator hududlari, xususan, Muborak tumanining 9000 gektar maydoni «MT Amir tex» qo‘shma korxonasi MChJ uchun ajratilishi qayd etilgan.

Shuningdek, tuman hokimining 2019 yil 27 dekabrida «MT Amir tex» QK MChJ tomonidan tuman hududida paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish klaster shaklini joriy qilishni tashkil qilish to‘g‘risida qarori qabul qilingan. Unda tumandagi «Qarliq», «Bo‘ston», «B.Saidov», «Turkiston» va «Xitoy» hududlaridan 4500 gektar yer maydoni tegishli bo‘lgan fermer xo‘jaliklari va «MT Amir tex» MChJ o‘rtasida 2020 yil paxta xomashyosi hosili uchun kontraktatsiya shartnomalari tuzilishi ko‘zda tutilgan.

Ammo qarorda «Agro star-invest » fermer xo‘jaligi joylashgan «Guliston» hududi haqida hech qanday ma'lumot keltirilmagan!

Qizig‘i, voqealar rivoji haqida ma'lumot beruvchi sanalarning o‘ziyoq ko‘p vaziyatga oydinlik kiritib beradi.

Xususan:

– «Agro star-invest» fermer xo‘jaligi tuman hokimining 2019 yil 22 yanvardagi qaroriga asosan zaxiraga olingan;

– nizoning sud organlarida ko‘rilishi 2019 yilning 11 oktyabriga qadar davom etyapti.

Tuman hokimi G‘.Javliyevning asosi – ya'ni Vazirlar Mahkamasining «Respublika hududlarida paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini joriy etish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori 2019 yil 18 noyabrida qabul qilinyapti. Shunga asoslangan hokim qarori esa 2019 yilning 27 dekabrida chiqyapti.

Demak, juda madaniyatli qilib aytganda, hokim fermerdan yerni asossiz olib qo‘yar ekan, qariyb bir yil keyin Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinishini oldindan «SeZGAN». Natijada yil davomida fuqaro sarson qilingan, xarid qilingan texnikalari bilan iqtisodiy botqoqqa botyapti va Oliy sudning qarori o‘z mantig‘ini yo‘qotmoqda.

Xulosa qilish mumkinki, sud hokimiyatining Oliy organi qabul qilgan qarorki hokimlarga kor qilmas ekan, oddiy fermer yoki fuqaroning holi qay kechishini tasavvur etish qiyin emas...

Bu vaziyatga davlatning vakolatli organlari e'tibor qaratib, kerakli ta'sir choralarini qo‘llamas ekan, qonunlar-u sud qarorlari hokimlar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib qolaveradi.

Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top