14:41 / 18.01.2020
0
3966
Nogironlar jamiyati hududiy bo‘limlari mablag‘siz qolmoqda - imkoniyati cheklanganlar o‘z muammolari haqida
Foto: KUN.UZ

Bugun, 18 yanvar kuni Adliya vazirligi tomonidan «Biz birgamiz» ijtimoiy loyihasi doirasida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun «E'tibor» xayriya aksiyasi o‘tkazildi. 

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, aksiya doirasida vazirlik mas'ullari imkoniyati cheklangan shaxslar bilan bevosita muloqot tashkil qilib, ularning muammolari va huquq bilan bog‘liq savollariga javob qaytardi.

O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Samarqand viloyati bo‘linmasi boshlig‘i Dilmurod Pardayevning ta'kidlashicha, ayni paytda imkoniyati cheklangan shaxslar bilan bog‘liq bir qancha muammolar mavjud.

«Oliy Majlis huzuridagi jamoatchilik fondining viloyat hokimliklari qoshida  bo‘limlari tashkil qilingan. Lekin joriy yil uchun Samarqand viloyati jamoatchilik fondiga mablag‘ ajratilmadi. 

Nogironlar jamiyatining keyingi faoliyati esa fondga bevosita bog‘liq. Chunki tashkilot fond subsidiyasi asosida faoliyat yuritadi. 

Ish haqi va boshqa masalalarni hal qilish uchun ayni paytda Nogironlar jamiyati Samarqand bo‘limining mablag‘i yo‘q va jiddiy muammo qarshisida turibdi. 

Mendagi ma'lumot bo‘yicha, bu faqat Samarqand emas, boshqa hududlar Nogironlar jamiyati bo‘limlariga ham aloqador», - deya tashkilot muammosi haqida gapirdi Dilmurod Pardayev. 

Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Avaz Madaminovning mazkur savolga  javob berishicha, jamoat fondlari faoliyati haqiqatan ham ayni paytda takomillashtirishga va e'tiborga muhtoj. 

«Mazkur masalani hal qilish uchun Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan jamoat fondlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan maxsus loyiha yaqin kunlarda hukumat tomonidan Parlamentga kiritilishi rejalashtirilyapti. 

Mazkur loyihada jamoat fondlari a'zolarini moddiy ta'minlash va dasturlarini amalga oshirishlari uchun ajratiladigan pul mablag‘larining manbalarini aniq belgilash va amalga oshirish mexanizmini soddalashtirish nazarda tutilgan», - deya izoh berdi vazirlik mutasaddisi. 

Bundan tashqari, tadbirda ishtirok etgan boshqa imkoniyati cheklangan fuqarolar tomonidan ham ularning ish  topishi, turli ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi bilan bog‘liq muammoli vaziyatlar haqida aytildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top