14:20 / 19.01.2020
0
13665
Xurshid G‘iyosov ham legionerga aylanmoqda

O‘zbekiston milliy jamoasining yana bir futbolchisi Janubiy Koreya chempionatiga yo‘l olishi kutilmoqda.

«Bunyodkor» bilan BAAdagi yig‘inda qatnashgan klub yarimhimoyachisi Xurshid G‘iyosov unga taklif tushgach, Abu-Dabidagi mashg‘ulotlardan erta qaytgandi.

«Tvitter»dagi «Kleague» sahifasida yozilishicha, Xurshid G‘iyosov «Jyonnam Dregons» klubiga o‘tishga yaqin. Futbolchi ushbu klub bilan muzokaraga kirishgan. G‘iyosovga shuningdek, Janubiy Koreyaning «Anyang» klubi ham qiziqish bildirgan.

Futbolchi dekabr oyida «Bunyodkor» bilan yangi shartnoma tuzgan bo‘lsa-da, unda xorij klubidan taklif tushsa, transfer pulisiz qo‘yib yuborish bandi bo‘lgan. Shunga asosan Xurshid Toshkent klubini tovon pulisiz tark etmoqda.

«Jyonnam Dregons» Janubiy Koreyaning nufuzi bo‘yicha ikkinchi chempionati sanalmish Key-liga ishtirokchisi sanaladi. Klub 2019 yilgi mavsumda 10 jamoa orasida 6-o‘rinni egallagan.

Ma'lumot uchun, Xurshid G‘iyosov o‘tgan mavsum Superligada 25 o‘yinda 12ta golga mualliflik qilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top