14:37 / 19.01.2020
2
53403
Yuzlab odamlar Xitoydagi yangi virusni yuqtirishlari mumkin

Olimlarning ma'lum qilishicha, Xitoyda paydo bo‘lgan yangi sirli virusni yuqtirganlar soni rasmiy ma'lumotlardan ancha yuqori.

18 yanvar kungi holatga ko‘ra, Xitoy rasmiylari ushbu virusni yuqtirgan 60dan ortiq holatni tasdiqlashdi. Ammo britaniyalik mutaxassislar aslida bu raqam 1700ga yaqinlashmoqda degan fikrda. 

Tadqiqot Buyuk Britaniya hukumati va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga hisobot beradigan London Imperial kolleji qoshidagi MRC yuqumli kasalliklarni global tahlil qilish markazida o‘tkazildi. 

«Bu holat meni bir hafta avvalgiga qaraganda ko‘proq tashvishga solmoqda», deydi epidemiolog professor Nil Fergyuson.

Dekabr oyida o‘tkir respirator kasalliklarni keltirib chiqaruvchi ushbu virusdan ikki kishi vafot etgani ma'lum. Uning birinchi tarqalishi Xitoyning Uxan shahrida qayd etilgan. 
Singapur va Hongkong allaqachon Uxandan keluvchi barcha yo‘lovchilarni tekshirishni boshlab yuborishgan, shu kabi choralar juma kuni AQShning uchta yirik aeroportida ham joriy etildi: San-Fransisko, Los-Anjyeles va Nyu-York.

Yangi ma'lumot qanday olindi?

Muammo ko‘lamini baholashning asosiy mezoni boshqa mamlakatlarda aniqlangan holatlar soni edi. 

Kasallik Xitoy markazidagi Uxan shahrida yoyilgan bo‘lsa-da, Tailandda ikkita, Yaponiyada bitta kasallanish holati qayd etildi. 

«Bu meni xavotirga soldi. Uxan ushbu uch holatni boshqa mamlakatlarga «eksport» qilgani shuni anglatadiki, virus ko‘lami e'lon qilinganidan ko‘ra kengroqdir», deydi Fergyuson. 

Aniq raqamlarni bilishning iloji yo‘q, ammo olimlar virusning o‘zi, mahalliy aholi soni va yo‘lovchilar tomonidan havo qatnovi to‘g‘risidagi ma'lumotlar hisobga olinib, tarqalish darajasi to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lishlari mumkin. 

Uxan shahrida 18 millionga yaqin odam istiqomat qiladi, ammo uning xalqaro aeroporti orqali atigi 3,4 ming yo‘lovchi chet mamlakatlarga uchadi.

Natijalari Imperial kollejining veb-saytida e'lon qilingan to‘liq hisob-kitoblarga ko‘ra, gap 1700ta kasallanish holati haqida ketmoqda.

Virus haqida nimalar ma'lum?

Virusni laboratoriyada tekshirish uchun bemorlardan tahlil olingan.

Xitoy rasmiylari va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti infeksiya koronavirusni keltirib chiqaradi degan xulosaga kelishdi. 

Koronaviruslar oilasi tarkibiga yetarlicha ko‘p virus kiritiladi, ammo ulardan faqat oltitasi (va yangi virus bilan yetti) odamga yuqishi mumkin. 

2002 yilda, Xitoyda boshlangan koronavirusning tarqalishi natijasida 8098 kishi atipik pnevmoniya (atipik – oddiy bo‘lmagan, murakkab shamollash; bu kasallik og‘ir o‘tkir respirator sindromi (SARS) deb ham ataladi) bilan  kasallangan. 774 kishi vafot etgan. 

«Odamlar SARS'ni hali ham dahshat bilan eslaydilar, qo‘rquv paydo bo‘ladi, ammo endi biz ushbu kasalliklarga qarshi turishga ko‘proq tayyor bo‘ldik», deydi Wellcome Trust'dan doktor Josi Golding. 

Xavf qay darajada?

Koronavirus infeksiyasining oqibatlari turlicha: o‘rtacha shamollashdan o‘limgacha. 

Yangi virus ushbu diapazonning o‘rtasida joylashgan ko‘rinadi. 

«Biz yangi koronavirus bilan duch kelganimizda, alomatlar jiddiyligini aniqlashga intilamiz. Bu safar simptomlar shamollashni eslatadi, ya'ni xavotirlanishga asos bor, lekin bu SARS'dek qo‘rqinchli emas», — deydi Edinburg universiteti professori Mark Vulhaus. 

U qayerdan kelgan?

Yangi viruslar doimiy ravishda aniqlanmoqda. Ular virus borligi sezilmagan hayvonlardan odamlarga yuqadi. 

«Avvalgi virus yoyilishi yodga olinsa, yangi koronovirus paydo bo‘lganda uning tashuvchisi hayvonlar edi», — dedi Nottingem universiteti virusologi, professor Jonatan Boll. 
Inson atipik pnevmoniyani ilk marta Afrika tsivetidan yuqtirgan. 

Yaqin Sharq respirator sindromi (Mers) odamlarga dromedarlardan — bir o‘rkachli tuyalardan muntazam ravishda yuqishi kuzatiladi. U aniqlangan 2012 yildan beri ma'lum bo‘lgan 2494 zararlanish holatidan 858tasi o‘lim bilan yakunlangan. 

Qaysi hayvon tashuvchi bo‘lgan?

Virus tashuvchi qaysi hayvon ekanligi aniqlanganda, muammo osonlashadi. 

Bu safar infeksiyani yuqtirish holatlari Uxandagi ulgurji dengiz mahsulotlari bozori bilan bog‘liq edi. 

Koronavirusning tashuvchisi bozorda sotiladigan beluxa (Shimoliy qutb dengizida yashovchi yirik delfin) kabi dengiz sutemizuvchilari bo‘lishi mumkin, shuningdek, u yerda tovuq, ko‘rshapalak, quyonlar va ilonlari ham sotiladi. Infeksiya manbasini ular orasidan ham izlash kerak. 

Nima uchun bu Xitoyda yuz berdi?

Vulhausning so‘zlariga ko‘ra, bu aholi soni, uning zichligi va virus tashuvchi hayvonlar bilan yaqin aloqada bo‘lishiga bog‘liq. 

«Hech kim navbatdagi virusning Xitoyda yoki o‘sha mintaqa mamlakatlarida sodir bo‘lganiga ajablanmayapti», — deydi u. 

Virus qanchalik tez tarqaladi?

Ehtimol, ushbu vaziyatda eng tinchlantiruvchi narsa shuki, yangi virus odamdan odamga yuqmaydi. 

O‘pkani zararlovchi yangi viruslarni o‘rganishda mutaxassislar birinchi navbatda ushbu jihatga qiziqishadi, chunki virus havo tomchilari - yo‘talish va aksirish orqali juda tez tarqaladi. 
Agar u odamdan odamga yuqadigan bo‘lsa, tibbiyot xodimlari orasida ham yuqtirish holatlari ro‘y berishi mumkin edi, chunki ular bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lishadi. 

Xitoy rasmiylari bu holat kuzatilmaganini ta'kidlashmoqda.

Ammo ba'zi ekspertlarning fikriga ko‘ra, virus odamdan odamga yuqmasligi haqida gapirishga juda erta. 

«Juda qisqa vaqt ichida zararlangan 59 kishining barchasi hayvondan yuqtirgan bo‘lishi kerak. Intuitsiya bu juda ko‘p ekanligini ko‘rsatmoqda, shuning uchun savol ochiq qolmoqda», — dedi Jonatan Boll. 

«Men baholashda ehtiyotkorroqman. Aniq gap aytishga juda erta. Koronaviruslarning ko‘pi (odamdan odamga) yuqumlidir va bu meni bezovta qiladi», — deya qo‘shimcha qiladi Vulhaus. 

Tarqalish tezligi qanday?

Barcha bemorlarda alomatlar 2019 yil 12 dekabrdan 29 dekabrgacha paydo bo‘la boshlagan. 

Yangi infeksiyalanish haqida xabar berilmagan.

«Boshqa holatlar yo‘qligini ijobiy deya olamiz. Xitoy jiddiy qaramoqda va epidemiyani to‘xtatish mumkin. Bu yog‘ini vaqt ko‘rsatadi», — deydi Golding. 

Xitoy yangi yili oldidan millionlab odamlar mamlakat bo‘ylab sayohat qilishlari natijasida virus tarqalishi mumkin degan xavotirlar bor.

Xitoy rasmiylari qanday choralar ko‘ryapti?

Virus yuqtirgan odamlar boshqa bemorlarga tarqalish xavfini bartaraf etish uchun izolyatorlarda davolanishdi. 

Bemorlar bilan aloqada bo‘lgan 150 nafardan ortiq odam ham hozirda kuzatuv ostida. 

Yo‘lovchilarni tekshirish uchun tana haroratini aniqlovchi skanerlar o‘rnatildi.

Dengiz mahsulotlari bozori tozalash va zararsizlantirish uchun yopildi. 

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top