15:46 / 20.01.2020
1
10297
Alisher Qodirov proporsional saylov tizimini sinab ko‘rishni taklif qildi

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov O‘zbekistonda proporsional saylov tizimiga o‘tish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari bu haqda dushanba kuni palataning ilk majlisida aytib o‘tgan.

«Biz bu saylovda g‘olib bo‘lmoqchi edik, lekin taktik xatoga yo‘l qo‘ydik. Biz proporsional saylov tizimiga xos tarzda raqobatga kirishdik. Ya'ni partiyani targ‘ibot qilaverdik, partiyani targ‘ibot qilaverdik, raqiblarimiz esa joylarda saylovchilar bilan ishlashdi.

Biz proporsional tizimda ishlab, partiyaning targ‘iboti bilan shug‘ullandik, raqibimiz O‘zLiDeP esa joylarda deputatlik o‘rinlarini olish bilan shug‘ullandi. Shunday taktik xatoga yo‘l qo‘ydik. Shu sababli dasturimizdagi asosiy takliflarimizdan biri – Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov ham shu yerdaligida aytib qolish kerak – keyingi saylovlarimizda balki proporsional tizimni ko‘rib chiqish kerakdir», – dedi Qodirov.

U majlisda qatnashgan prezident Shavkat Mirziyoyevga saylovlar haqidagi xulosalari haqida ham aytib o‘tdi.

«Shavkat Miromonovich, mening o‘zim uchun ham bu saylovlar juda katta kashfiyot bo‘ldi. Biz hali nonni «nanna» deb yurgan joylarimiz juda ko‘p ekan», – dedi «Milliy tiklanish» yetakchisi.

Alisher Qodirov O‘zbekiston yoshlaridagi shijoat haqida ham gapirdi.

«Odamlar bilan gaplashganimizda, ayniqsa yoshlarda shunaqangi shijoat va vatanparvarlik borligini ko‘ryapmiz. Qoraqalpog‘istonga borganda o‘zim hayron qoldim. Yosh-yosh yigit-qizlar shunaqangi vatanparvar, ko‘zi yonib turibdi! Partiyaga a'zo bo‘lyapti. «Znachok»imni yechib olyapti... «Bugundan boshlab «Milliy tiklanish»ning a'zosimiz», deyishyapti. Shunaqangi yoshlar bilan, hurmatli Shavkat Miromonovich, rivojlangan davlat bo‘lmaslikka haqqimiz yo‘q», – deb ta'kidladi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Yuksalish» umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov ham proporsional saylov tizimiga o‘tishni (hozircha qisman) taklif etgan edi.

Ma'lumot uchun, jahon amaliyotida saylovlarning majoritar, proporsional va aralash tizimlari qo‘llanadi. Majoritar tizimda saylovchi aniq nomzodlarga, proporsional tizimda esa partiyalarga ovoz beradi.

Saylovlar natijasiga ko‘ra, «Milliy tiklanish» parlamentda 36ta, mahalliy kengashlarda 159ta deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritib, bu borada mos ravishda ikkinchi va uchinchi raqamli partiyaga aylangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top