00:23 / 20.01.2020
0
24043
Dmitriy Medvedev Rossiya hukumatining iste'foga ketishi sabablarini ma'lum qildi 
Foto: RIA "Novosti"

Rossiyaning sobiq bosh vaziri Dmitriy Medvedev “Vremya” dasturiga intervyusida hukumatning iste'foga ketishi sabablarini tushuntirdi.

Uning ta'kidlashicha, Putin Federal yig‘inga murojaatida siyosiy tizimni yangilash bo‘yicha katta ko‘lamli vazifalarni belgilab berdi va prezident barcha qarorlarni qabul qilishi uchun ularni muhokama qilishda mutlaq erkin bo‘lishi va ularni biror-bir omil, jumladan hukumat omiliga qarab o‘tirmasdan qabul qila olishi lozim”.

Medvedev bosh vazir lavozimini deyarli 8 yil egallaganini eslatib o‘tgan.

“Bu murakkab masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish bilan bog‘liq juda murakkab ishdir”, deb ta'kidlab o‘tgan Medvedev.

Uning ta'kidlashicha, hukumat iste'fosiga “mutlaq xotirjam munosabatda bo‘lish lozim”.

“Bunda g‘ayritabiiy narsa yo‘q. Bu butun dunyoda yuz beradi, jumladan bizning davlatda ham yuz berdi”, deb aytgan sobiq bosh vazir.  

Medvedev ushbu lavozimda erishgan yutuqlari orasida hukumat ishining samarali tashkillashtirilgani va yillik inflatsiyaning 13-15 foizdan 3 foizgacha tushirilganini aytib o‘tgan.

15 yanvarda Medvedev Putinning Federal yig‘inga murojaatidan keyin u boshchiligidagi hukumat to‘liq tarkibda iste'foga ketishini ma'lum qilgan.

Medvedevning o‘rnini Federal soliq xizmati rahbari Mixail Mishustin egalladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top