18:12 / 20.01.2020
0
10494
«Mening boshqa tanlovim yo‘q edi»: Shahzoda Harri qirollik unvonlaridan voz kechishi haqida

Shahzoda Harri qirollik xonadoni majburiyatlaridan voz kechish uni xafa qilishi, ammo uning boshqa iloji yo‘qligi haqida gapirdi. Shu bilan birga, u qirolicha Yelizaveta II'ga xizmat qilishni davom ettirishdan umidvor ekanligini ta'kidladi. 

Foto: The Guardian

Sentabale xayriya yig‘ilishida nutq so‘zlagan shahzoda Harri buvisini juda qattiq hurmat qilishini aytgan va uni «o‘zining oliy qo‘mondoni» deb atagan. 

«Biz qirolicha, hamdo‘stlik va harbiy uyushmalarga davlat tomonidan moliyalashtirilmasdan turib xizmat qilishda davom etishimizga umid qilgandik. Afsuski, bu ilojsiz bo‘lib chiqdi», — dedi u. 

Shu bilan birga, shahzoda Britaniya uning uyi va sevimli joyi ekani va «har doim shunday bo‘lib qolishi»ni ta'kidlagan.

Avvalroq Bukingem saroyi shahzoda Harri va uning rafiqasi Megan endi qirollik unvonlaridan foydalanmasligini va bundan keyin davlat mablag‘larini olmasligini e'lon qilgandi. 

Bu shuni anglatadiki, 2020 yil bahoridan boshlab ular endi «zoti oliylari» deb nomlanmaydi. Ammo, ular Sasseks gersogi va gersoginyasi bo‘lib qoladi, shahzoda Harri tug‘ilishida meros qolgan unvonini saqlab qoladi. 

Harri va Megan shuningdek, Vindzordagi uyni ta'mirlash uchun Buyuk Britaniya budjetidan sarflangan 2,4 million funtni qaytarib berish niyatida ekanliklarini bildirishdi. 

Bungacha er-xotin ommaviy axborot vositalarining bosimi va haddan tashqari e'tiboridan shikoyat qilishgan va Harri xotinining onasi malika Diananing o‘limiga olib kelgan «o‘sha kuchlar»ning qurboni bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgandi.

Harri o‘zining Instagram sahifasiga joylagan videonutqida Megan bilan turmush qurgan vaqtida ikkovi ham «g‘ayratli, umidlarga to‘la va [Britaniya tojiga] xizmat qilishga tayyor» bo‘lishgani haqida gapirgan.

«Shunday ekan, hozir men uchun juda qayg‘uli. Xotinim bilan mening (qirollik vazifalarini bajarishdan) ketishga qaror qilishimiz oson bo‘lgani yo‘q», — dedi Harri. 

«Bir necha oy davom etgan munozaralar, ko‘p yillik undovlardan so‘ng hayotim qiyinchiliklarga duch keldi. Men har doim ham to‘g‘ri ish qilmaganimni bilaman, ammo hozirgi bosqichda menda boshqa chora yo‘q edi», — deydi shahzoda. 

Avvalroq, er-xotin vaqtining katta qismini Kanadada o‘tkazib, ikki mamlakatda yashash niyatida ekanliklarini aytishgandi. Hozir Harrining rafiqasi o‘g‘li Archi bilan Kanadaning g‘arbiy sohilida yashamoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top