10:47 / 20.01.2020
3
24759

«Muxlislarni xafa qilib qo‘ygandik...» - BAAga 5 ta gol urgan futbolchilar asosiy o‘yin oldindaligini aytishdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston U23 sardori Islom Qobilov jamoa BAAga qarshi o‘yin oldidan tiklanishga e'tibor berganini va bu o‘z samarasini berganini aytdi

O‘zbekiston U23 jamoasi Osiyo chempionati chorak finalida BAAni yirik 5:1 hisobida mag‘lub etib keyingi bosqichga yo‘l oldi. Futbolchilarimizni Tokio olimpiadasi yo‘llanmasidan atigi bitta o‘yin ajratib turibdi. Yarimfinalda ularga Saudiya Arabistoni raqib bo‘ladi. BAAga qarshi o‘yindan keyin futbolchilar va murabbiyning o‘yin haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.

Bu o‘yinda «Nasaf» futbolchisi Oybek Bozorov chinakamiga porladi. U avvaliga Ilhom Alijonovga golli uzatmani amalga oshirdi. Keyinchalik unga qarshi ishlatilgan qo‘pollikdan so‘ng penalti belgilandi va standartni Islom Qobilov aniq amalga oshirdi. Va nihoyat Oybek BAA darvozasiga o‘zi ham super gol urdi. Oybek o‘yindan keyin shunday dedi: «Oldingi o‘yinda muxlislarni xafa qilib qo‘ygandik deb o‘ylayman. Bugungi o‘yindan keyin ular xursand bo‘lishsa kerak. Xudo xohlasa, olimpiadaga chiqamiz, bunga bir qadam qoldi. Ha, o‘yin oldidan Ro‘ziqul Berdiyevning kelgani kayfiyatimni ko‘tardi».

BAAga qarshi musobaqadagi ikkinchi o‘yinini o‘tkazgan Doston Ibragimov ko‘p harakat qilgan jamoa g‘alaba qozonganini aytdi: «Bugun maydonda kim ko‘proq harakat qilsa, o‘sha jamoa g‘olib bo‘lishini bilgandik. Biz g‘alabani ko‘proq xohlagan ekanmiz, bunga erishdik. Olimpiadaga juda yaqin kelganimizni hamma sezib turibdi. Xudo xohlasa, yarimfinalni ham yutamiz».

Jasur Yaxshiboyev bu gal ham chorak finalda gol urishni boshladi. U ikki yil avval Xitoyda o‘tgan musobaqada ham aynan chorak finalga kelib gollari hisobini ochib Yaponiyaga ikkita gol urgandi. Jasur gol urgach yelkasidan tog‘ ag‘darilganini aytdi: «Gol urmayotganimdan so‘ng ko‘pchilik gapirayotgandi, bugun yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Albatta, raqibning tezkor goli biroz ta'sir qildi, biroq biz tezda o‘zimizni qo‘lga olib natijaga erishdik».

Himoyachilar odatda ko‘p gol urishmaydi. BAA bilan o‘yinda esa ikkita himoyachi gol urdi. Ayniqsa Ilhom Alijonovning goli juda chiroyli chiqdi. Kamgap yigit bo‘lgan Ilhomni urgan goli haqida gapirishga ko‘ndirdik: «Hammasi juda tez bo‘lib ketdi. Oybek Bozorov 2-3 futbolchini o‘zi bilan chalg‘itib to‘pni menga uzatdi. Bu vaqtda bo‘sh hudud paydo bo‘ldi va zarba yo‘lladim. O‘zim ham kutmagandim bunday imkoniyat bo‘lishini».

Bobur Abduxoliqov BAA bilan o‘yinda gol ura olmagan bo‘lsa-da, juda faol bo‘ldi. U jamoaning birinchi goli muhim bo‘lganini aytdi: «O‘yin qiyin boshlandi. Tezkor gol o‘tkazib yuborgandan keyin hisobni tenglashtirish muhim edi. Yaxshiyam tezda javob bera oldik. Bizni oldinda Saudiya bilan muhim o‘yin kutib turibdi».

Sanjar Qodirqulovning aytishicha, o‘tkazib yuborilgan gol ham yaxshilikka bo‘lgan: «Xudoga shukur yarimfinalga chiqib oldik. Olimpiadaga bir qadam qoldi. O‘tkazib yuborilgan gol ham yaxshilikka bo‘ldi deb o‘ylayman, chunki o‘sha goldan keyin tempni oshirdik. O‘yinda ustunlikka ega bo‘lib haqli g‘alabaga erishdik. Bunday o‘yinlarda ko‘p kuch ketishi muhim emas. Xuda xohlasa, keyingi o‘yingacha tiklanib bor kuchimiz bilan harakat qilamiz».

Miks zonada jamoa bosh murabbiyi Lyubinko Drulovichni ham uchratib qoldik. Murabbiyning aytishicha, chorak final oldidan Ro‘ziqul Berdiyev va Vadim Abramovning kelishi futbolchilarga faqat foyda bergan: «Bugun mukammal o‘yin o‘tkazdik. Futbolchilarim bilan faxrlanaman, ular zo‘r o‘yin ko‘rsatishdi. Hisob 1:1 bo‘lganidan keyin maydonda hamma narsani nazorat qildik. O‘yin boshida darvozabon juda ishonchli o‘ynadi. Alijonovning hisobni tenglashtirgan goli ajoyib chiqdi.

Abramov va Berdiyevning kelgani? Bu jamoaga, futbolchilarga faqat yaxshi ta'sir qildi. Ularni katta professionallar deb bilaman. Oldimizda juda muhim o‘yin bor. Biz qolgan ikki o‘yinda ham g‘alaba qozonib olimpiadaga chiqishni xohlaymiz».

Jamoa sardori Islom Qobilov BAA bilan o‘yin oldidan jamoa asosiy e'tiborni tiklanishga qaratganini aytdi va uning fikricha, bu natijaga ijobiy ta'sir qilgan: «Janubiy Koreya bilan o‘yindan keyin tiklanish mashg‘ulotlariga e'tibor berdik: basseyn, sauna, massaj. BAAning Buriramdan bu yerga kelishga vaqt sarflagani ham bizning foydamizga ishladi deb o‘ylayman.

Gol o‘tkazib yuborgandan keyin bizda yana 80 daqiqa bor edi va men sheriklarimga xotirjam o‘z o‘yinimizni davom ettirish kerakligini aytdim. O‘yindan qoniqdimmi? Men himoyachiman va vazifam gol o‘tkazib yubormaslik. Gol o‘tkazib yuborilgan o‘yindan himoyachi qoniqish hosil qila olmaydi. Umuman olganda jamoa juda yaxshi o‘ynadi. Bugun BAAga 5 ta gol urdik, ammo saviyasi yuqoriroq bo‘lgan jamoa bunga imkon bermasligi mumkin edi».

Birinchi o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushgan Nurillo To‘xtasinov gol ura olmagandi, keyingi o‘yinlarda esa murabbiy uni zaxiradan o‘yinga tushira boshladi hamda bu o‘z samarasini berdi. «Bunyodkor»da yorqin mavsum o‘tkazgan futbolchi 3 ta o‘yinda 2 ta gol urdi va bitta golga assistenlik qildi. Nurillodan demak uni zaxiradan tushgani foydaliroq ekan-da, deb so‘raganimizda shunday javob oldik: «Ha, shunday desak ham bo‘ladi. Jamoaga qanaqasiga bo‘lsa ham yordam berish muhim. Keyingi o‘yinda ham nasib bo‘lsa, zaxiradan tushib gol uraman. Muxlislarga bizni duo qilib turganlari uchun rahmat. Bugun muxlislar uchun o‘ynadik, hammamiz ota-onamiz bizni duo qilib turganini bilardik. Abramov va Berdiyevning kelgani barchamizning kayfiyatimizni ko‘tardi».

O‘tkir Jalolxonov yozib oldi
Montaj: Muhammadjon G‘aniyev

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top