09:01 / 20.01.2020
1
8673
Psixotrop preparatlarni targ‘ibot qiluvchi sayt reklamasi konstruksiyalari bo‘yicha ko‘rib chiqilgan ishlar yakuni ma'lum qilindi
Foto: Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi respublikada taqiqlangan psixotrop preparatlarni targ‘ibot qiluvchi sayt to‘g‘risidagi reklama konstruksiyalari bo‘yicha ko‘rib chiqilgan ishlarning yakuni to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning noyabr oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida respublikada taqiqlangan psixotrop preparatlarni sotuvchi saytning kodi - QR ko‘rsatilgan yuklash aks ettirilgan reklama konstruksiyalari o‘rnatilgani aniqlangan.

Ushbu holatni o‘rganish va tegishli munosabat bildirish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligida  maxsus komissiya tuzildi. Olib borilgan o‘rganishlar  natijasida,  Toshkent shahrining  Ohangaron shossesi va Cho‘lpon (Krestik) ko‘chalari kesishgan joyda hamda Samarqand shahrining Firdavsiy ko‘chalarida yuqorida qayd qilingan reklama bannerlari o‘rnatilgani ma'lum bo‘ldi.

Qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar bo‘yicha quyidagi xulosa taqdim etilgan:

«Psixotrop preparatlarni sotuvchi saytni yuklash kodi ko‘rsatilgan bannerlar Samarqand shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “Xamdamov Sanjar Samadovich” YaTTning buyurtmasiga ko‘ra “Media lux” XK tomonidan  (2019 yil 11 noyabrda №2291-sonli shartnoma asosida) o‘rnatilgani ma'lum bo‘ldi. Shartnoma shartiga ko‘ra, reklama bannerining eskizi (nusxasi) “Xamdamov Sanjar Samadovich” YaTT tomonidan tayyorlangan va “Media lux” XK taqdim etilgan. “Media lux” XK o‘z navbatida uni bosib chiqargan va  yuqorida ko‘rsatilgan manzildagi joyga o‘rnatgan. Bir qaraganda bu yerda hech qanday ajablanarli holatning o‘zi yo‘q: buyurtma olindi, imlo xatolari bormi-yo‘qmi tekshirib chiqildi.  Biroq, masalaning huquqiy tomoniga e'tibor berilmagan. (qonunlarni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi!).

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mutaxassislari “Media lux” XK Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Nursulton shahrida ham xuddi shunga o‘xshash holat sodir etilgani ko‘rsatilgan xolda, ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha yakuniy xulosalarni taqdim etdilar.

Taqdim etilgan materiallar bilan tanishib chiqqan “Media lux” XK  tomonidan Toshkent shahrida o‘rnatilgan  reklama konstruksiyasi demontaj qilinib, ushbu to‘g‘risida  Agentlikka javob xati yuborildi.

Shunday qilib, reklama beruvchi va buyurtmachining (“Media lux” XK va “Xamdamov Sanjar Samatovich” YaTT) xatti-harakatlari “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasini buzilishi deb talqin qilindi.

Samarqand hududiy boshqarmasining xulosasi:

Xuddi shunday, o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan Samarqand shahrida ham “Xamdamov Sanjar Samadovich” YaTT tomonidan o‘sha reklama bannerini o‘rnatishga buyurtma berilgan. Bu safar buyurtmani bajarish uchun “Voxidov Bexzod Abduvaxobovich” XK bilan shartnoma tuzgan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu reklama banneri  Samarqand shahrining Firdavsiy ko‘chasiga o‘rnatilgan edi. Bu holat ham  “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasini buzilishi deb topildi.

Natijada, har ikkala holat bo‘yicha ishlar Toshkent shahar Yunusobod tumani ma'muriy sudiga va Samarqand shahar ma'muriy sudiga topshirildi.

“Media lux” XKning ishi bo‘yicha sud hali bo‘lib o‘tmadi. Reklama beruvchi-buyurtmachi “Xamdamov Sanjar Samatovich” YaTT va reklama konstruksiyasining egasi – reklama tarqatuvchi “Voxidov Bexzod Abduvaxobovich” XK ishi Samarqand shahar ma'muriy sudi tomonidan ko‘rib chiqildi va ularning har biriga tomonidan 1 mln.115 ming so‘m miqdorida jarima to‘lash to‘g‘risida sudning qarori chiqarildi».

Ma'lum qilinishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan  “Reklama to‘g‘risida”gi va “Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida takliflar tayyorlangan.

Ishlab chiqarish, sotish va reklama qilinishi O‘zbekiston qonunchiligi bilan taqiqlangan mahsulotlarni reklama qilganlik uchun  – bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 50 baravarigacha jarima belgilanadi.

Ishlab chiqarish, sotish va reklama qilish O‘zbekiston qonunchiligi bilan taqiqlangan mahsulotlarni oldinga olib chiqqanlik uchun jismoniy shaxslarga – bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari va yuridik shaxslar uchun – 15 baravarigacha jarima belgilanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top