01:24 / 20.01.2020
1
15441
Qozog‘istonda chorva eksporti taqiqlandi 
Foto: Tengrinews

Qozog‘istonda chorva eksporti taqiqlandi. Bu haqda Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirligiga tayanib Tengrinews.kz muxbiri xabar berdi.

Vazirlikda ta'kidlanishicha, chorvaning qayta ishlash va qayta sotish uchun ommaviy eksport qilinishi go‘sht mahsulotlari narxi oshishiga olib kelgan. Bundan tashqari, yuzaga kelgan vaziyat Qozog‘istonda go‘shtni qayta ishlovchi korxonalar va mol boqish maydonchalari yuklanganligi kamayishiga olib kelgan. Umumiy hisobda, bu korxonalar 2019 yilda o‘z quvvatining yarmigagina ishlagan. Bunga asosiy sabab esa chorva eksporti yuqori bo‘lgan vaziyatda xomashyo taqchilligi hisoblanadi.

2019 yilda Qozog‘istondan 156 ming bosh yirik qoramol olib chiqilgan. Undan aksariyati – 121,6 ming boshi yoki 78 foizi O‘zbekistonga, yana 14 foizi Armanistonga olib chiqilgan. 

Shuningdek, Qozog‘istondan o‘tgan yil 264 ming bosh qo‘y olib chiqilgan. Uning asosiy xaridori ham O‘zbekiston hisoblanadi. O‘zbekistonga 200 mingdan ko‘proq qo‘y olib chiqilgan. Shuningdek, Rossiya Qozog‘istondan 21,5 ming, Ozarboyjon 18 ming, Eron 12 ming bosh qo‘y sotib olgan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top