13:05 / 21.01.2020
0
4503

2019 yil 189,9 trln so‘m asosiy kapitalga investitsiyalar o‘zlashtirildi - Davstatqo‘m

Foto: KUN.UZ

2019 yil yanvar-dekabr oylarida 189,9 trln so‘m asosiy kapitalga investitsiyalar o‘zlashtirilib, ularning 70,7 foizi yoki 134,3 trln so‘m jalb etilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lsa, korxona, tashkilot va aholining o‘z mablag‘lari hisobidan 29,3 foiz yoki 55,5 trln so‘m moliyalashtirildi.

Davstatqo‘m xabariga ko‘ra, Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida amalga oshirilgan islohotlar natijasida asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi keskin oshib, o‘tgan yilga nisbatan 33,9 foizni tashkil etdi. 

Investitsiyalarni moliyalashtirish manbalari bo‘yicha, 2019 yilning yanvar-dekabr oylarida markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan moliyalashtirilgan asosiy kapitalga investitsiyalarning ulushi o‘tgan yilning mos davridagi ulushiga nisbatan 3,1 foiz punktga kamayib, 26,6 foizni yoki 50,6 trln so‘mni tashkil etdi. 

Mos ravishda markazlashmagan moliyalashtirish manbalari hisobidan asosiy kapitalga investitsiyalarning ulushi 3,1 foiz punktga ko‘payib, 73,4 foizni yoki 139,2 trln so‘mni tashkil etdi. 

Korxona va tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan asosiy kapitalga investitsiyalar ulushi salmoqli bo‘ldi – 39,2 trln so‘m yoki jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 20,7 foiz. Aholi mablag‘lari hisobidan jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 8,6 foizi yoki 16,3 trln so‘m o‘zlashtirildi. 

2019 yil yanvar-dekabr oylarida o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi jadal o‘sib, 37,1 trln so‘mni tashkil etdi va 2018 yilning mos davridagi jami asosiy kapitaldagi ulushiga nisbatan 12,2 foiz punktiga ko‘payib, 19,6 foizni tashkil etdi. 

Shuningdek, tijorat banklar kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari hisobidan 24,8 trln so‘m (jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 13,1 foizini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 4,7 foiz punktga kamaydi), O‘zbekiston kafolati ostidagi xorijiy kreditlar 27,8 trln so‘m (14,7 foiz va 0,9 foiz punktiga ko‘payish), kafolatlanmagan va boshqa xorijiy investitsiya va kreditlar 21,6 trln so‘m (11,4 foiz va 8,3 foiz punktga ko‘payish), Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 6,5 (3,4 foiz va 3,0 foiz punktga kamayish), respublika budjeti 14,5 trln so‘m (7,6 foiz va 1,1 foiz punktiga kamayish), Suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamg‘armasi 1,7 trln so‘m (0,9 foiz va 0,3 foiz punktga ko‘payish) va Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan esa 31,3 mlrd. so‘m asosiy kapitalga investitsiyalar o‘zlashtirildi. 

Asosiy kapitalga investitsiyalar o‘sish sur'atlarini moliyalashtirish manbalari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich kafolatlanmagan hamda boshqa xorijiy investitsiya va kreditlarda kuzatildi – o‘tgan yilga nisbatan 4,1 marta o‘sish. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtirilgan investitsiyalarda ham yuqori o‘sish sur'atlari – 3,6 martaga o‘sish kuzatilib, bu mahsulot taqsimoti kelishuvi shartlari asosida gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan «Mustaqillikning 25 yilligi» konlarida qidiruv ishlarini yakunlash va ishlar olib borish, O‘zbekiston investitsiya bloklarida (Kultak-Qamashi, Muborak, Surxon, Ashibuloq va Koskud, g‘arbiy Farg‘ona investitsiya bloklari) neft-gaz konlariga ishlov berish va geologik qidiruv ishlarini amalga oshirish, hududlarda sement ishlab chiqarishini tashkil etish, to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish kabi yirik investitsiya loyihalarining jadal olib borilayotgani bilan bog‘liq. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top