19:57 / 21.01.2020
9
95775

Alisher Qodirov: Biz bosh vazirlikka nomzodimizni yashirib keldik, bu Abdulla Nig‘matovich edi

Barcha partiyalar bosh vazirlikka nomzodini ko‘rsatganda jim turgan «Milliy tiklanish» partiyasining nomzodi ham Abdulla Aripov bo‘lgan.

Bu haqda partiya yetakchisi Alisher Qodirov 21 yanvar kuni Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida aytib o‘tdi.

Majlis davomida prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini tavsiya etdi. So‘zga chiqqan senator va deputatlar Abdulla Nig‘matovichning ish faoliyati va shaxsiy sifatlari borasida ijobiy fikr bildirdi.

Muhokama vaqtida O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov ham so‘z oldi.

«Hurmatli prezident, o‘zingiz aytganingizdek, saylovlar oldidan barcha partiyalar bosh vazirlikka o‘z nomzodini ko‘rsatishdi va bu judayam tabiiy jarayon edi. E'tibor bergan bo‘lsangiz, butun saylov jarayonida biz nomzodimizni ko‘rsatmadik. OAV bizga saylovni oxirgi kunigacha savol berdi, «Nima uchun sizda bosh vazirlikka nomzod yo‘q?»

Biz Abdulla Nig‘matovichga aytgan edikki, biz saylovda g‘olib bo‘lsak, sizning nomzodingizni ko‘rsatamiz. O‘shanda Abdulla Nig‘matovich: «Meni qaysi partiyadan, kim nomzodimni ko‘rsatishi muhim emas, muhimi vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilishim», degan edilar.

Biz shuningdek, etika va raqiblarimizga hurmat yuzasidan ham Abdulla Aripov nomini ommaviy e'lon qilmadik. Bu bizning rejamizda bo‘lgandi», deya partiya rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 29 oktabr kuni Kun.uz muxbiri siyosiy partiya rahbarlari bilan bog‘lanib, saylovlarda g‘alaba qozongan taqdirda bosh vazir lavozimiga kimning nomzodini ilgari surishlari bo‘yicha ma'lumot olgan edi.

Unda faqat «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov ushbu savolga ochiq javob berishdan bosh tortgan va buni «Nomzodimizni hozirdan bosimda qoldirish noto‘g‘ri», deya izohlagan edi.

Majlisda prezident Shavkat Mirziyoyev partiyalarning saylovlar oldidan bosh vazirlikka nomzod ko‘rsatganini OAV orqali kuzatgani va bu juda ijobiy holat ekanini ta'kidladi. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top