14:15 / 21.01.2020
0
21455
OAVda IShIDning yangi yetakchisi ismi oshkor qilindi
Foto muallifi: Abdullah Rashid/Reuters

Amir Muhammad Abdulrahmon al-Mavliy as-Salbiy IShID terrorchilik tashkilotining yangi yetakchisi bo‘ldi. Bu haqda razvedka xizmatidagi manbalariga asoslangan holda Britaniyaning The Guardian nashri xabar berdi.

Hoji Abdulla va Abdulla Qardosh kabi laqablarga ham ega bo‘lgan as-Salbiy tashkilot asoschilaridan biri sanaladi. U Iroqning Tall-Afar shahrida tug‘ilgan va hududdagi turkman millatiga mansub hisoblanadi. U IShID rahbariyatidagi arab bo‘lmagan kam sonli qo‘mondonlardan biri bo‘lgandi.

IShIDning yangi rahbari Amir Muhammad Abdulrahmon al-Mavliy as-Salbiy / Twitter

Maxsus xizmatlar ma'lumotlariga ko‘ra, al-Salbiy Mo‘sul universitetida shariat qonunlari bo‘yicha ilmiy daraja olgan, tashkilotning g‘oyaviy rahnamosi bo‘lgan. 2004 yilda u Amerika harbiylari tomonidan qo‘lga olinib, Iroq janubidagi Kemp-Bukka qamoqxonasiga joylashtirilgan, aynan o‘sha yerda al-Bag‘dodiy bilan tanishgan.

Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra uning o‘g‘il farzandi bor.

AQSh Davlat departamenti 2019 yilda, al-Bag‘dodiyning o‘ldirilishidan oldinroq as-Salbiy qayerdaligi to‘g‘risidagi ma'lumot uchun 5 million dollar miqdorida mukofot va'da qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 27 oktyabrida Suriya shimolida amerikalik harbiylar o‘tkazgan amaliyot natijasida IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy yo‘q qilingandi. 

Avvaliga uning o‘rnini Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiy egallashi haqida xabarlar tarqalgandi, biroq The Guardian ma'lumotiga ko‘ra, terrorchilik tashkilotida uni tan olishmagan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top