15:37 / 21.01.2020
0
15233

Shavkat Mirziyoyev: «Oldingi parlamentning kamchiligi – unda iqtisodchilar kam edi»

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining birinchi qo‘shma majlisidagi nutqida xalqaro moliya muassasalari bilan hamkorlik masalasiga to‘xtaldi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot banki kabi tashkilotlardan ko‘proq moliyaviy ko‘mak olish uchun mamlakatdagi korrupsiyaga qarshi samarali kurashish kerak.

«Ular bitta narsadan qo‘rqayapti – korrupsiya davom etadimi-yo‘qmi, adolat bo‘ladimi-yo‘qmi, investitsiyaga kafolat bo‘ladimi-yo‘qmi. Mana shulardan qo‘rqishyapti», – degan Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlik aloqalari bir necha yil to‘xtab qolganini ham eslab o‘tdi.

«YeTTB bilan hamkorligimiz 20 yilga yaqin vaqt davomida to‘xtab qolgandi. Bu tanaffus vaqtida qo‘shnilarimiz milliard-milliard pul oldi. Yangi shartnoma va dasturlar hisobiga, 2019 yilning o‘zida 500 million dollardan ko‘p mablag‘ni o‘zlashtirdik. Buni iqtisodiyotni tushungan odam tushunadi», – dedi Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev yangi tarkibdagi Oliy Majlisning asosiy yutuqlaridan biri sifatida unda iqtisodchilarning ko‘pligini keltirib o‘tdi.

«Quyi palatada ham, yuqori palatada ham iqtisodchilar ko‘p. Bilasizlarmi, oldingi parlamentning xatosi shu ediki, u yerda iqtisodchilar kam edi, desak, bu ham adolatdan bo‘ladi. Hozir mana, sizlarning oralaringizda zamonaviy iqtisodchilar ko‘p.

5 yilda YaIMni 100 milliard dollarga yetkazish – juda katta marra. 1991 yilda bizning iqtisodiyotimiz qo‘shnilarimizga nisbatan ancha yaxshi edi», – deya ta'kidladi davlat rahbari.

Ma'lumot uchun, yangi tarkibdagi Senatda iqtisodchilar eng ko‘p o‘ringa ega – 97 nafar senatordan 20 nafari iqtisodchi. Quyi palatada esa moliya, iqtisod va bank sohasi vakillari hamda tadbirkorlar 30 nafarni tashkil etadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top