14:30 / 21.01.2020
0
11696
Interpolning sobiq rahbari 13,5 yilga qamaldi

Tyanszinda Interpolning sobiq rahbari Men Xunvey 13,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. U korrupsiyada va mansab suiiste'molida ayblangan.

Foto: AFP

Bundan tashqari, Men davlatga ikki million yuan (292 ming dollarga yaqin) jarima ham to‘laydi. Ayblanuvchi sud hukmiga shikoyat bildirmagan.

Men 2005 yildan 2017 yilga qadar bo‘lgan vaqt davomida jami 14,46 million yuan (taxminan 2 million dollar) pora olganini tan olgan. U 2004 yildan Interpolning Xitoydagi vakili bo‘lgan, 2016 yilning noyabr oyidan boshlab 2018 yilning sentyabrida Xitoyga qo‘lga olinguniga qadar Interpolga rahbarlik qilgan. 2020 yilda uning bu lavozimdagi vakolati muddati tugashi kerak edi.

Qo‘lga olinganidan keyin u ijtimoiy xavfsizlik vazirining sobiq o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatilgan, shuningdek, Xitoy Kommunistik partiyasidan chetlatilgandi.

2018 yilning sentyabrida Men Xunveyning Fransiyada yashovchi rafiqasi eri Xitoyga safari chog‘ida g‘oyib bo‘lganini ma'lum qilgan. Uning aytib berishicha, g‘oyib bo‘lishidan avval unga pichoqning suratini jo‘natgan. Ayolning fikricha, eri shu tariqa unga xavf ostida ekanligini bildirmoqchi bo‘lgan. Oradan bir necha kun o‘tib, Xitoy Men Xunvey korrupsiya ishi bo‘yicha hibsda ekanligini tasdiqlagan.

Keyinroq Xitoy hukumati u qonun buzishda ayblanib qo‘lga olinganini xabar qilgandi. Ko‘p o‘tmasdan u Interpol rahbarligidan bo‘shatilib, tashkilotga Janubiy Koreyadan bo‘lgan Kim Yong Yan rahbarlik qila boshladi.

Men g‘oyib bo‘lganidan keyin Xitoydagi davlat nashrlarida uning daromadlar bo‘yicha tekshiruvlar tafsilotlari e'lon qilina boshladi.

Masalan, u o‘z lavozimidan o‘z rafiqasi Greysni ishga joylashda foydalangani, shuningdek, o‘z vakolatlarini shaxsiy manfaatlari uchun ishlatgani haqida yozilgan.

Greys Men Fransiyadan boshpana so‘rab murojaat qilgan. U o‘z hayotidan xavfsirayotgani, uni notanish shaxslar kuzatayotgani, unga shubhali qo‘ng‘iroqlar bo‘layotgani, uning avtomobili noma'lum shaxslar tomonidan suratga olingani haqida gapirgan.
 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top