11:44 / 22.01.2020
2
32933
AQSh Belarus va Qirg‘iziston fuqarolariga mamlakatga kirishni cheklab qo‘yishi mumkin

AQSh ma'muriyati «stop-ro‘yxat»ga yettita yangi davlatni qo‘shmoqchi. Oq uydagi manbalarga ko‘ra, ro‘yxat hali yakuniy emas

Foto: Flickr

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati fuqarolariga AQShga kirish taqiqlanishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Oq uydagi manbalarga asoslanib, The Wall Street Journal xabar bermoqda. Xuddi shu ma'lumotni Politico nashri manbalari ham tasdiqladi.

«Stop-ro‘yxat»ga yettita yangi davlat - Belarus, Qirg‘iziston, Eritreya, Myanma, Nigeriya, Sudan va Tanzaniya kiritilishi kutilmoqda.

WSJ suhbatdoshlarining tushuntirishicha, mamlakatlar AQShga umumiy sayohat qilish bo‘yicha cheklovlarga duch kelmaydilar, lekin biznes yoki mehmon kabi vizalarning ayrim turlariga nisbatan qo‘llaniladigan cheklovlarga ega bo‘lishi mumkin.

Manbalar ro‘yxat hali yakuniy emasligini qo‘shimcha qilgan. AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi va Davlat departamenti izoh berish borasidagi so‘rovlarga javob qaytarmadi, deya qo‘shimcha qiladi Politico.

Seshanba kuni Tramp Davosdan WSJ’ga intervyu berib, fuqarolariga AQShga kirish taqiqlangan mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirish masalasini ko‘rib chiqayotganini tasdiqladi, ammo u bu mamlakatlar nomini aniq aytmadi.

Oq uy rasmiy vakili Xogan Gidli «stop-ro‘yxat»ni kengaytirish borasidagi rejalar haqida biron bir tafsilotni oshkor etishdan bosh tortdi, ammo bilvosita bu chorani qo‘llab-quvvatladi, deya qo‘shimcha qiladi Politico. «Sayohatlarga qo‘yilgan taqiq mamlakatimizni himoya qilish va butun dunyoda xavfsizlik darajasini ko‘tarishda juda muvaffaqiyatli bo‘ldi», - dedi u. «Hozirgi paytda umumiy holat va milliy xavfsizlik manfaatlariga asoslangan yangi bayonotlar mavjud emas (taqiqni uzaytirish to‘g‘risida), agar mamlakat AQSh immigratsion dasturlarida to‘liq ishtirok etishni istasa, u barcha xavfsizlik va aksilterror choralariga rioya qilishi kerak, chunki biz terrorizmni yoki milliy xavfsizlikka tahdid soladigan har qanday boshqa ko‘rinishni AQShga import qilishni istamaymiz», - dedi u.

Tramp dastlab ba'zi davlatlar fuqarolarining Qo‘shma Shtatlarga kirishini taqiqlovchi farmonni 2017 yil yanvar oyida, lavozimga kirishganidan bir hafta o‘tgach imzolagan. Dastlab farmonda asosan musulmon aholisi bo‘lgan yetti mamlakat fuqarolariga viza berishni rad etish nazarda tutilgan. Keyinchalik bir qator sud ishlari natijasida hujjatga ba'zi o‘zgarishlar kiritildi. Natijada, farmonning yakuniy versiyasi Eron, Liviya, Somali, Suriya, Yaman, Venesuela va Shimoliy Koreyadan bo‘lgan ba'zi fuqarolarning AQShga kirishini chekladi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top