13:44 / 22.01.2020
0
6835
Hamqishloqlarini katta miqdordagi pulga aldab ketgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Illyustrativ foto

2019 yil dekabr oyi boshlarida Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi 40 yoshli G‘.K. o‘zining hamqishloqlarini aldab, ularning mulklarini qo‘lga kiritish maqsadida oldindan reja tuzgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

U 25 yoshli T.M.dan umumiy bahosi 14.700.000 so‘mlik 2 bosh qoramolini pulini 4 kun ichida to‘lab berishni va'da qilib, aldab olib, T.M.ning ishonchini suiiste'mol qilib, bergan va'dasini bajarmasdan 2 bosh qoramolni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, G‘.K. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, takroran, yana 3 nafar qishloqdoshining umumiy bahosi 26.500.000 so‘mlik uch bosh qoramolini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Barcha holatda G‘.K. bergan va'dasini bajarmasdan qoramollarni boshqa shaxslarga sotib, kelishilgan pullarni egalariga bermasdan, ularni aldab, ishonchlarini suiiste'mol qilib, pullarni o‘zining ehtiyojlariga ishlatib yuborgan. Keyinroq aldanganliklarini bilgan jabrlanuvchilar yanvar oyi o‘rtalarida fuqaro G‘.K.ga nisbatan ariza bilan IIBga murojaat qilganlar.

Mazkur holat yuzasidan Yangiqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (ko‘p miqdordagi firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni undirish choralari ko‘rilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top