21:28 / 22.01.2020
0
7500
Samarqandda MIB ijrochilariga fuqaro tomonidan o‘t qo‘yishga urinishdan shikast yetmagan - MIB rasmiy izohi

Turli internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda bir ayol MIB xodimlari ustiga benzin sepib, yoqib yuborishga uringani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov ushbu holat yuzasidan izoh berdi.

«To‘lov intizomini mustahkamlash orqali qarzdorlikni kamaytirish, energiya tarmoqlariga noqonuniy ulanish, sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosini ta'minlash kabi vazifalarini bajarish Byuro xodimlariga oson kechmayapti.

Ayrim hollarda fuqarolarimiz xodimlarning qonuniy talabini bajarish o‘rniga kuch ishlatib, qarshilik ko‘rsatish bilan masalani o‘z tomoniga hal etish mumkin deb hisoblamoqda», deyiladi izohda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan voqeaga ko‘ra, 2020 yil 21 yanvar kuni soat taxminan 14:20larda MIB Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi M.Bekmuxamedov ish yurituvidagi javobgar D.Roziqovani Samarqand shahar, Navoiy shohko‘chasi 49-uy, 16-xonadondan majburiy chiqarish haqidagi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 12 sentyabrdagi ijro hujjatiga asosan, 12 nafar davlat ijrochilarining amaliy yordamida majburiy ijro harakatlarini boshlagan vaqtida D.Roziqova davlat ijrochilarini aldab, xonadonga kirib, ichkaridan sochiqni yoqqan holda ko‘tarib chiqib, pod'yezdda to‘planib turgan davlat ijrochilariga qarata uloqtirgan.

Sochiq davlat ijrochilariga tegmasdan o‘tib ketib birinchi qavatning chiqish zinasiga tushgan. Lekin D.Roziqova bu bilan chegaralanmasdan, xonadon ichidagi baklashkaga solingan benzin yoqilg‘isini har tomonga shu jumladan, yonib turgan sochiqni kuchliroq alangalashi uchun ustidan sepa boshlagan. Sepilgan benzin davlat ijrochilarini kiyimlariga ham tushgan bo‘lsa-da, davlat ijrochilarini chetlab qolishlari natijasida alanga ularning kiyim boshlariga tegmagan.

Mazkur holatda biror-bir MIB xodimi yoki fuqarolar tan jarohatlari olishmagan. D.Roziqova IIB xodimlari tomonidan tinchlantirilgan va turli joylardagi olov o‘choqlari yong‘in xavfsizligi xodimlari tomonidan bartaraf etilgan.

Ushbu holat yuzasidan fuqaro D.Roziqovaga nisbatan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan 21.01.2020 yilda Jinoyat Kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

«To‘lov intizomi ko‘p jihatdan iste'molchilarning to‘lov madaniyatiga rioya etishlariga bevosita bog‘liq.

O‘z vaqtida amalga oshirilgan energiya resurslari, suv ta'minoti va qattiq maishiy chiqindilar uchun amalga oshirilgan to‘lovlar, aholining ijtimoiy himoyasi va ichki infratuzilmani ko‘tarish, energetika sohasini modernizatsiyalash hamda yangi texnologik loyihalarni jalb etishda muhim o‘rin tutadi.

Achinarlisi, to‘lov qobiliyati ega bo‘lgan ayrim fuqarolar, qarzdorlikni bartaraf etish o‘rniga, ijtimoiy tarmoqlar orqali MIB faoliyati haqida bo‘htonli xabarlarni joylashtirishga harakat qilishmoqda.

Shu bois, iste'molchilarni energiya resurslaridan foydalanishga oid shartnoma majburiyatlari, to‘lov intizomiga rioya qilishga hamda sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosini so‘zsiz bajarish lozimligiga undab qolamiz», deyiladi MIB ma'lumotida.

Ma'lumot uchun. Bugun 22 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi rahbariyati hamda mas'ul xodimlari bilan «Kommunal sohadagi asossiz qarzdorliklar, ularning kelib chiqish sabablari va bartaraf etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar» mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda, ish hajmining ko‘pligi va og‘ir sharoitda ishlashni istamagan 6300dan ortiq yaqin xodimlar o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shatilgani, o‘tgan yil davomida Byuro xodimlariga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq 132ta holatlar aniqlanib, aybdorlarga qonuniy chora ko‘rilgani, shuningdek MIB tashkil etilgandan buyon 4 nafar xodim o‘z vazifasini bajarish vaqtida vafot etgani, 200dan ortiq xodimlarga turli darajada tan jarohati yetkazilgani haqida ma'lumotlar berildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top