16:00 / 22.01.2020
2
32492
Xitoyda virusdan halok bo‘lganlar soni oshmoqda, JSST xalqaro favqulodda vaziyat e'lon qilishi kutilmoqda

Xitoy ma'murlari to‘qqiz kishining hayotiga zomin bo‘lgan yangi xavfli virusning episentri deb nomlangan Xubey provinsiyasida joylashgan Uxan shahriga borishdan saqlanishni maslahat bermoqda.

Foto: AP/TASS

Shuningdek, 11 millionlik megapolis aholisiga ommaviy yig‘ilishlardan uzoqroq yurish tavsiya etiladi. 

Hozirgi vaqtda virus yuqtirish oqibatida halok bo‘lganlar soni 9 nafarga yetgan, u Xitoyning boshqa provinsiyalariga ham tarqalib, AQSh, Tailand va Janubiy Koreyaga kirib bordi. 

«Qurbonlar soni uch kishiga oshib, to‘qqiz nafarga yetdi. Jami 440 kishida shu turdagi virus aniqlangan. Asosiysi — Uxanga bormaslik. Uxandagilar, sizni shaharni tark etmaslikka chaqiraman», — dedi XXR davlat sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Li Bin. 

Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, 2019-nCoV deb nomlangan virus, asosan, nafas olish yo‘li orqali yuqadi.

«Virus tarqalishi yo‘li hali qat'iy darajada aniqlanmagan bo‘lsa-da, uning mutatsiyaga uchrash ehtimoli bor va epidemiyaning yanada tarqalishi xavfi mavjud», — deb qo‘shimcha qildi Li Bin. 

Uning aytishicha, bemorlar bilan aloqada bo‘lgan 2197ta holat aniqlangan va virusning «nafas olish yo‘li bilan yuqishi» belgilari bor. Bundan tashqari, Uxanda kamida 15 nafar tibbiyot xodimi bemorlardan virusni yuqtirib olgan. 

Rasmiylar yangi yilni nishonlash paytida Xitoy bo‘ylab millionlab kishilar sayohat qilishi natijasida virus tarqalishi kuchayishi mumkinligidan xavotirda. Shuningdek, minglab xitoyliklar chet elga sayohat qilishadi.

Uxanda tirik parranda va chorva mollari sotuvi taqiqlandi, shaharning eng yirik transport markazlarida havoni shamollatish tizimlari kuchaytirildi, aholidan haroratni o‘lchash talab etilmoqda. 

«Biz kasallik yovvoyi hayvonlar sotiladigan bozordan kelib chiqqanini bilamiz. Ehtimol, bu virus tashuvchisi hayvon bo‘lgan va keyin odamga yuqqan», — deydi Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi direktori Gao Fu. 

Mutaxassislar infeksiyaning ko‘plab holatlari hali ham aniqlanmay qolayotganidan hadikda. London Imperial kollejidagi infeksiyalar global tarqalishini tahlil qilish markazi ma'lumotlariga ko‘ra, zararlanishlar soni 1700dan oshishi mumkin. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) chorshanba kuni Ebola bilan bo‘lganidek, virus bilan aloqador xalqaro favqulodda vaziyat e'lon qilishi kutilmoqda.

Yangi virus haqida nimalar ma'lum?

  • 2019-nCoV virusi hali odamlarga yuqmagan koronavirusning bir variantidir. 
  • Koronaviruslar — 38 turdagi viruslarni o‘z ichiga oladigan viruslar oilasi, ularning oltitasi (va yangi virus bilan - yettitasi) odamga yuqadi.
  • Tadqiqotchilarning fikricha, virus odamlarga hayvonlardan yuqqan, ammo u odamdan odamga ham yuqishi mumkin. 
  • Infeksion belgilari orasida isitma, yo‘tal, nafas qisishi mavjud. 
  • Odamlarga hayvonlarga teginmaslik, yetarli darajada qaynatilmagan yoki qovurilmagan go‘sht va tuxumlardan saqlanish va shuningdek shamollash yoki gripp belgilari bo‘lgan odamlar bilan aloqa qilmaslik tavsiya etilmoqda.
Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top