10:11 / 23.01.2020
0
7648

2019 yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 42,2 mlrd dollarga yetdi

Foto: RIA Novosti

2019 yil yakuni bilan O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi (TSA) 42,2 mlrd. AQSh dollariga yetdi, u 2018 yilga nisbatan 8,7 mlrd. AQSh dollariga yoki 26,2 foizga oshdi. 

Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, ushbu natija mamlakat tarixida eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etildi.

TSAda eksport hajmi 17,9 mlrd. AQSh dollariga (o‘sish sur'ati – 28,0 foiz) va import hajmi 24,3 mlrd. AQSh dollariga (o‘sish sur'ati – 24,9 foiz) yetdi. Hisobot davrida 6,4 mlrd. AQSh dollari qiymatida passiv tashqi savdo balansi qayd etildi. 

Mamlakatning tashqi savdo faoliyatida mavsumiylik mavjud. Ya'ni, yil o‘rtasida nisbatan yuqori faollik kuzatilib, oylik TSA iyul oyida o‘zining eng yuqori qiymati – 4,8 mlrd. AQSh dollari bilan respublikaning tashqi savdo muvozanatini ta'minladi. 2019 yil dekabrida TSA 3,9 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi va yilni passiv savdo balansi bilan yakunladi. 

Tashqi savdo aylanmasining choraklar kesimida tahlillari shuni ko‘rsatdiki, eng yuqori TSA 12 mlrd. AQSh dollari bilan 2019 yilning III choragiga to‘g‘ri kelib, 2017-2018 yillarga nisbatan 1,5 barobar oshganini ko‘rsatdi. 

2017-2019 yillardagi TSA o‘sishiga alohida e'tibor berish talab etiladi. Ya'ni, 2019 yilning III choragida passiv tashqi savdo balansi 6,7 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi va 2017 yilning I choragidagi ko‘rsatkichga nisbatan 2,4 barobar oshgan. 

O‘zbekiston jahonning 193 dan ortiq mamlakatlari bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. TSAning nisbatan salmoqli hissasi Xitoy Xalq Respublikasida (18,1 foiz), Rossiya Federatsiyasida (15,7 foiz), Qozog‘istonda (8,0 foiz), Koreya Respublikasida (6,5 foiz), Turkiyada (6,0 foiz), Germaniyada (2,3 foiz) va Qirg‘izistonda (2,0 foiz) qayd etilgan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top