15:51 / 23.01.2020
0
33713
«Barcha chegara punktlarida teplovizorlar o‘rnatilgan» - SSV koronavirusga qarshi choralar ko‘rilganini ma'lum qildi

JSST Xitoydagi virus bo‘yicha jiddiy xavotirga asos yo‘qligini ma'lum qilgan.

Bugun, 23 yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan, asosan Xitoyda kuzatilayotgan koronavirus hamda gripp kasalliklariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasi Uxan shahrida yuzaga kelgan koronavirusning yangi tipi epidemiyasi tufayli 23 yanvar kuni tongidagi ma'lumotlarga ko‘ra, 600ga yaqin kishida 2019-nCoV koronavirusi yuqish holati aniqlangan va 17 kishi vafot etgan. Shuningdek, kasallik Tailand, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarda aniqlangan.

Xitoyda koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyat murakkablashishi sababli «Uzbekistan Airpors» AJ hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Tibbiy-sanitariya xizmati tomonidan davlat chegarasini, ayniqsa, Xitoyni kesib o‘tgan shaxslarning yuqori sifatli tibbiy monitoringini amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Virusologiya ilmiy tekshirish institutida koronavirusga gumon qilingan bemorlarni qabul qilish uchun maxsus boks tayyorlab qo‘yilgan. Respublikadagi aeroport va temir yo‘l vokzallari sanitariya karantin punktlarida ushbu kasallikka gumon qilingan bemor aniqlansa, uni darhol izolyatorga izolyatsiya qilish, koronavirusga laborator tahlilini o‘tkazish uchun namuna olish tartibi belgilab qo‘yilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning ma'lum qilishicha, 23 yanvar kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan bugun maxsus xabarnoma olingan. Xabarnomada Xitoyda kuzatilayotgan koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalib ketish xavfi kamligi, jiddiy xavotirga hojat yo‘qligi bildirilgan.

SSV huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov O‘zbekistonga virus kirib kelishining oldini olish uchun ko‘rilayotgan choralar haqida ma'lumot berdi:

Bu kasallik asosan Xitoy Xalq Respublikasi Uxan shahrida kuzatilmoqda va boshqa davlatlarga tarqalmoqda. O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish maqsadida har bir chegara punktlari, xususan 11ta aeroport teplovizorlar bilan jihozlab chiqildi, xodimlar maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazildi.

Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasida haftasiga 11ta aviareys bor, bular alohida nazoratda. 37ta bojxona postlariga kerakli ko‘rsatmalar berilgan. Har bir yuqumli kasalliklar shifoxonasida 5tadan qo‘shimcha o‘rinlar tayyorlab qo‘yildi.

Bir narsani bilib olishimiz lozim – bu kasallikni gripp bilan adashtirmaslik kerak. Bu koronavirus hayvonlar orqali yuqadi va bundan himoyalovchi vaksina dunyo bo‘yicha hozircha mavjud emas. Endi buning ustida ish olib borilmoqda.

Biz nafaqat Xitoy yo‘nalishi bo‘yicha, balki respublikamizga kirib kelishning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha epidemiologik nazorat o‘rnatganmiz. Barcha chegara punktlari kerakli jihozlar, jumladan teplovizorlar bilan ta'minlangan.

Tadbirda bu kasallikda inson aynan qanday asoratlar tufayli vafot etishi haqida ham so‘raldi.

«Bu virus yangi emas, aslida 2002 yilda aniqlangan. Bu koronavirusga chalingan inson asosan og‘ir pnevmoniya asoratidan vafot etadi», deya javob berdi Virusologiya ilmiy tadqiqot instituti direktori Erkin Musaboyev.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top