10:29 / 23.01.2020
0
1514
O‘zbekiston bioxavfsizlik bo‘yicha Kartaxena bayonnomasi ishtirokchisiga aylandi

2020 yil 23 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi uchun Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiyaga Bioxavfsizlik bo‘yicha Kartaxena bayonnomasi kuchga kirdi. Bayonnoma 2000 yil 29 yanvarda Monreal shahrida qabul qilingan.

Kartaxena bayonnomasi 1992 yilgi Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini to‘ldiradi. O‘zbekiston mazkur konvensiyaga 1995 yil 17 oktyabrda qo‘shilgan.

Hozirda 172 ta davlat Kartaxena bayonnomasi qatnashchisi hisoblanadi.

Mazkur xalqaro shartnomaning maqsadi – zamonaviy biotexnologiyani qo‘llash natijasi hisoblanuvchi va biologik xilma-xillikni saqlab qolish va undan barqaror foydalanishga salbiy ta'sir ko‘rsata oluvchi tirik o‘zgartirilgan organizmlarni (GMO) xavfsiz yetkazib berish, qayta ishlash va iste'mol qilish sohasida tegishli darajadagi himoyani ta'minlashga ko‘maklashish.

O‘zbekiston Respublikasining mazkur xalqaro shartnomada ishtirok etishi GMO-mahsulotlardan foydalanish va ularni tashishga aloqador amaliy jarayonlarni takomillashtirish hamda zamonaviy biotexnologiya mahsulotlarini ishlatish natijasida aholi va atrof-muhit uchun potensial tahdidlarning oldini olish imkonini beradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top