09:37 / 23.01.2020
0
5618
Xorazmda fuqaro o‘zi tayyorlagan giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida ushlandi
Foto: Tergov departamenti

2020 yil 15 yanvar kuni Xorazm viloyat IIB va Qo‘shko‘pir tumani bo‘yicha IIO FMB JQB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, 28 yoshli J.R. yashil rangli, o‘ziga xos o‘tkir hidli quritilgan holdagi og‘irligi 152,2 gr. “marixuana” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda 500.000 so‘m evaziga S.I.ga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabarida aytilishicha, dastlabki tergov jarayonida J.R. o‘z ko‘rsatmasida, 2019 yil oktabr oylarida kannabis o‘simligi urug‘ini ekib, uni parvarishlab, tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan o‘simlik yetishtirganligini, uni yig‘ib olganidan so‘ng quritib, maydalab keyinchalik sotish maqsadida qopga solib qo‘yganligini, shu bilan birga, J.R.ning o‘zi giyohvandlik vositasini iste'mol qilmasligini ma'lum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘shko‘pir tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan J.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida J.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismi bilan ayblov e'lon qilingan va “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top