17:43 / 24.01.2020
0
5215

Andijon G‘aznachilik boshqarmasi davlat xaridlarining shaffof tizimi yaratilgani bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazdi

Foto: KUN.UZ

Asaka tumanida Andijon viloyati bo‘yicha G‘aznachilik bosh boshqarmasi tomonidan davlat xaridlarining ochiq va shaffof tizimi yaratilganligi bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda tuman hokimligining sohaga aloqador mutasaddilari, tadbirkorlar, tuman g‘aznachilik bo‘linmasi xodimlari ishtirok etdi.

Viloyat bo‘yicha g‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i Xurshidbek  Sultonov «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun mamlakatimizda davlat xaridlarini amalga oshirish bo‘yicha mavjud normativ-huquqiy bazani yagona hujjat doirasida umumlashtirgani  va tizimli ravishda tartibga solgani haqida ma'ruza qildi.

Mutasaddi yig‘ilganlarga davlat xaridi, elektron do‘kon va boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion kabi maxsus axborot portalining dasturiy-texnik kompleksi orqali axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida davlat xaridlarini amalga oshirish usullari, davlat xaridlarining asosiy tamoyillari nimalardan iboratligi haqida gapirdi.

Muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan elektron davlat xaridlarida buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar ishtirok etishi uchun qanday qulayliklar yaratilgani borasida savollar o‘rtaga tashlandi. Mutaxassislar ro‘yxatdan o‘tishdan tortib, to tovarni sotish yoki qabul qilib olishgacha bo‘lgan jarayonning elektron tarzda amalga oshirilishi bo‘yicha tushuncha berdilar.

Tadbir so‘ngida budjet mablag‘larini maqsadli sarflanishida boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan hamda o‘z kasbini uzoq yillardan beri ardoqlab kelayotgan iqtisodchilarga tashakkurnomalar taqdim qilindi.

Elmurod Ermatov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top