08:30 / 24.01.2020
0
10962
Eng aniq tahlilchi jahon iqtisodiyoti uchun bosh xavflarni sanab o‘tdi
Foto: LP/Olivier Arandel

AQSh va Yevropa o‘rtasidagi savdo urushi, markaziy banklar siyosatining o‘zgarishi jahon iqtisodiyoti uchun bosh xavflar hisoblanadi. Bunday fikrni Bloomberg axborot agentligi AQSh, Yevropa va Xitoy bo‘yicha eng aniq tahlilchi deb ataydigan Kristof Barro bildirdi. Bu haqda Business Insider nashri yozmoqda.

Market Securities bosh iqtisodchisi Barroning eslatishicha, AQSh va Xitoy o‘rtasida 1,5 yildan beri davom etayotgan savdo qarama-qarshiligi fond bozorlariga katta ta'sirga ega bo‘lmoqda.

Barroning aytishicha, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushining avj olishi xavfi 2020 yilda ham saqlanib qoladi. Bundan tashqari, AQSh va Yevropa o‘rtasida savdo ixtilofi paydo bo‘lishi ehtimoli mavjud. Tahlilchining fikricha, agar Donald Tramp AQSh prezidenti etib qayta saylansa, AQSh va Yevropa o‘rtasidagi savdo munosabatlari keskinlashishi mumkin. 

Iqtisodiyot uchun yana bir jiddiy xavf markaziy banklar siyosatining o‘zgarishi bo‘lishi mumkin. 2019 yilda jahon iqtisodiyoti sekinlashgani ortida markaziy banklar bozorlarni aktivlarni sotib olish orqali likvidlilik yoki foiz stavkalari hamda bank zaxiralari koeffitsiyentini pasaytirish hisobiga qo‘llab-quvvatlagan. Biroq 2020 yilda markaziy banklar ushbu ko‘makni kamaytirsa, bu vaziyatni tubdan o‘zgartirishi mumkin va aksiyalar narxi tushib ketadi.

Avvalroq Daniyaning Saxo Bank tahlilchilari 2020 yildagi ustuvor jihat iqtisodiy o‘sish emas, atrof-muhit va iqlim haqida qayg‘urish bo‘lishini aytishgan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top