17:05 / 24.01.2020
0
27396
Grem va shogirdlari. Osiyo chempionatining eng baquvvat jamoasi Avstraliya haqida
Foto: KUN.UZ

Osiyo chempionati U23 3-o‘rin uchun o‘yinida O‘zbekiston Avstraliyaga qarshi o‘ynashidan xabaringiz bor. Futbolchilarimiz bu o‘yinga tayyorgarlikni kecha, 23 yanvardan boshlagandi. Avstraliya bosh murabbiyi esa Janubiy Koreyaga uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng futbolchilarga bir kun dam berishga qaror qilgan. «Kengurular» bugun 24 yanvar kuni O‘zbekiston bilan o‘yin oldidan ham tiklanish, ham taktik mashg‘ulot o‘tkazishdi.

Jamoa Bangkokdagi «Alpine» sport majmuasiga belgilangan vaqtdan kechikmay yetib kelgani Avstraliyada tartib qanchalik ekanini ko‘rsatadi, chunki Bangkokdagi tirbandliklar sabab jamoalar mashg‘ulotga kechikib kelishayotgandi. Avstraliya bilan bu yosh toifasida to‘qnash kelmaganmiz, ammo ertaga maydonga tushadigan futbolchilar bir-biriga begona emas. Bu futbolchilarning ba'zilari 2016 yil Bahrayndagi U16 chempionatida to‘qnash kelgan. O‘shanda O‘zbekiston 3:2 hisobida g‘alaba qozongan. Masalan o‘sha o‘yinda gol urgan futbolchilar Doston Ibragimov (2 ta) va Bobur Abduxoliqovlar hozirgi jamoada ham bor.

Avstraliya safida bizga eng tanish inson bu bosh murabbiyi Grem Arnold. Aynan uning murabbiyligidagi Avstraliya Osiyo Kubogi-2019 chorak finalida O‘zbekistonni musobaqadan chiqarib yuborgan. Esingizda bo‘lsa, BAAdagi o‘sha musobaqa chorak finalida futbolchilarimiz penaltilar seriyasidagina Avstraliyaga imkoniyatni boy bergandi.

Arnold jamoasi o‘sha chorak finalda yomon o‘ynagan va O‘zbekistonning bosimiga dosh berishni uddalab, penaltilar seriyasida omadliroq bo‘lgandi. Osiyo chempionati U23 yarimfinalida Saudiya bizni aynan mana shunday tarzda mag‘lub etdi. O‘yin davomida bosimga dosh berib oxirida bitta gol urishni uddaladi.

Avstraliya jismoniy jihatdan musobaqaning eng kuchli jamoasi desak bo‘ladi. Bunga mashg‘ulot jarayonini kuzatib yana bir bor amin bo‘ldik. Avstraliyaning har qanday jamoasi jismonan kuchli ekani bilan ajralib turgan va buni katta yangilik hisoblamaslik ham mumkin.

Mashg‘ulot jarayonini kuzatish uchun stadionga kelganimizda avstraliyalik murabbiylar bizni O‘zbekistondan ekanimizni bilib kutib turishimizni aytishdi. Keyin Avstraliya jamoasining matbuot kotibi keldi-da, faqat stadion tashqarisidan mashg‘ulotni kuzatib, suratga olish mumkinligini, stadionning ichkarisiga kirib maydon chetida turishni murabbiylar taqiqlaganini aytdi. Balki ular bizni ayg‘oqchi deb o‘ylagandir. Shu tariqa suratga olib bo‘lgunimizcha Avstraliya matbuot kotibi biz o‘zbekistonlik «jurnalist-ayg‘oqchi»lardan uzoqlashmadi.

Avstraliyalik futbolchilar mashg‘ulotni unchalik ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishmadi. Aftidan, Koreya bilan o‘yindagi mag‘lubiyat ularga yomon ta'sir qilgan. Ammo Avstraliya doim g‘oliblik uchun kurashadigan qit'a grandi ekanini inobatga olsak, kamida olimpiada yo‘llanmasisiz ortga qaytishni bu jamoa o‘ziga ep ko‘rmaydi. Ko‘ramiz, ertaga qaysi jamoa muxlislarini Tokio olimpiadasi yo‘llanmasi bilan xursand qilarkin.

Quyida Avstraliyaning O‘zbekiston bilan o‘yindan oldingi mashg‘ulotlaridan olingan fotogalereyani tomosha qilishingiz mumkin.

O‘tkir Jalolxonov, Muhammadjon G‘aniyev (foto)

Mavzu
Osiyo chempionati-U23
8 yanvar kuni Tailandda U-23 terma jamoalari o‘rtasidagi navbatdagi Osiyo chempionati start oldi. O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etayotgan turnir 26 yanvarga qadar davom etadi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top