17:50 / 24.01.2020
0
11913
Hafta o‘yinlari anonsi: «Barselona», «Yuventus», «Latsio» va «Bavariya» uchun jiddiy sinov
Foto: AFP/Getty Images

Haftaning dam olish kunlari Yevropada bir qator markaziy o‘yinlar o‘tkaziladi. Tribuna.uz quyidagi to‘rt qarama-qarshilikni tomosha qilishni tavsiya etadi.

 «VALeNSIYa» – «BARSeLONA»
Ispaniya La Ligasi. 21-tur.
25 yanvar (shanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
 20:00
TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReportTV»

 La Liganing 21-turidagi markaziy uchrashuvi Ispaniya Superkubogida mag‘lubiyatga uchragan ikki jamoa – «Barselona» va «Valensiya» o‘rtasida o‘tadi. «Mestalya»dagi to‘qnashuv ikki jamoa uchun ham juda muhim. Kataloniya klubini «Real» ta'qib etib kelmoqda, shu bois Kike Seten shogirdlarini g‘alabadan boshqa natija qanoatlantirmaydi. «Valensiya» esa maydonida g‘alabaga erisha olsa, 7-o‘rindan yana kuchli beshlik safiga qaytish imkoniyatiga ega. Ammo, valensiyaliklarning hozirgi holatiga havas qilib bo‘lmaydi, klub Ispaniya Superkubogida «Real»ga mag‘lub bo‘lgach, haligacha o‘ziga kelgani yo‘q. Albert Selades shogirdlari o‘tgan turda kutilmaganda «Malorka»ga yirik 4:1 hisobida mag‘lub bo‘lishdi, ustiga-ustak klub yetakchisi Daniel Parexo ushbu bahsda maydondan chetlatildi. Natijada «Barsa»ga qarshi o‘yinda mehmonlar jarohat olgan Suaressiz to‘p surishsa, mezbonlar yetakchisi Parexo xizmatidan foydalana olmaydi. Setenning La Ligadagi dastlabki safar uchrashuvi bo‘lmish «Mestalya»dagi o‘yin oson o‘tmasligi aniq. Har holda «Valensiya» so‘nggi ikki mavsumdan buyon muxlislari qarshisida Kataloniya klubidan ochko tortib olmoqda.

 Valensiyadagi o‘zaro so‘nggi 5 o‘yin:
Valensiya – Barselona – 1:1
Valensiya – Barselona – 1:1
Valensiya – Barselona – 2:3
Valensiya – Barselona – 1:1
Valensiya – Barselona – 0:1

«BAVARIYa» – «ShALKe»
Germaniya Bundesligasi. 19-tur.
25 yanvar (shanba)
O‘yin boshlanish vaqti: 
22:30
TV-translatsiya: «Sport»

Bundesliga 19-turi doirasidagi markaziy bahs Myunxendagi «Alyans-Arena»da o‘tadi. Germaniya chempionatida 2-o‘rinda borayotgan «Bavariya» klubi o‘z maydonida azaliy raqibi «Shalke»ni qabul qiladi. Turnir jadvalida Myunxen jamoasini uch ochkolik farq bilan ta'qib etishda davom etayotgan Gelzenkirxen klubi safardagi g‘alaba evaziga ochkolar hisobida yetib olishi mumkin. Ammo ajoyib sport formasiga kirib olgan Xans-Diter Flik shogirdlarini to‘xtatish oson bo‘lmaydi. Bu jamoa o‘tgan turda «Gerta» maydonidan 0:4 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgani jamoaning kuchini ko‘rsatib turibdi. Ammo, «Shalke» ham aynan safar bahslarida yirik g‘alabalar qayd etmoqda. So‘nggi safar turida ham bu jamoa «Gamburg» maydonidan 0:4 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgandi. Shunday ekan, «Alyans-Arena»da shiddatli o‘yin kechishi aniq.

 Myunxendagi o‘zaro so‘nggi 5 o‘yin:
Bavariya – Shalke – 3:1
Bavariya – Shalke – 2:1
Bavariya – Shalke – 1:1
Bavariya – Shalke – 3:0
Bavariya – Shalke – 1:1

«ROMA» – «LATsIO»
Italiya A Seriyasi. 21-tur.
26 yanvar (yakshanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
 22:00
TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReportTV»

Italiya A Seriyasi turnir jadvalida yonma-yon borayotgan Rimning ikki klubi «Roma» va «Latsio» ushbu turda o‘zaro to‘qnash keladi. «Rim derbisi» deya nom olgan bahs shunchaki o‘yin emas, Kolizeydagi jang misoli o‘tishi aniq. «Roma» ushbu o‘yindagi g‘alaba evaziga oradagi 7 ochkolik farqni 4taga yetkazish imkoniyatiga ega. «Latsio» g‘alaba qozongan taqdirda ta'qibchisi o‘rtasidagi farqni 10 ochkoga yetkazish bilan birga 2-o‘rindagi «Inter»ni quvib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qolaversa, rimliklar zaxirasida yana bir uchrashuv bor.

Jamoalarning so‘nggi turlardagi natijasiga e'tibor qaratsak, «Latsio» va uning goleadori Chiro Immobileni to‘xtatish juda qiyin bo‘layotganini ko‘rish mumkin. Italiyalik hujumchi A Seriyada allaqachon 23ta gol urib, jamoasining jami gollarini teng yarmiga mualliflik qilgan. Amaldagi chempion «Yuventus»ni mag‘lub etgan «burgutlar»ning aynan «bo‘rilar»ga qarshi uchrashuvidagi natijasi, bu jamoaning skudetto uchun kurashishi borasidagi rejalarini amalda belgilab bersa ajabmas.

 Rimdagi o‘zaro so‘nggi 5 o‘yin:
Roma – Latsio – 3:1
Roma – Latsio – 2:1
Roma – Latsio – 1:3
Roma – Latsio – 2:0
Roma – Latsio – 2:2

«NAPOLI» – «YuVeNTUS»
Italiya A Seriyasi. 21-tur.
26 yanvar (yakshanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
 00:45
TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReportTV»

Italiya A Seriyasi ushbu mavsumida eng ko‘p pastlagan jamoa «Napoli» bo‘ldi. O‘tgan mavsumlarda Karlo Anchelotti qo‘l ostida peshqadamlar safida bo‘lgan neapolliklar Anchelotti iste'fosidan keyin ham o‘ziga kela olmayapti. Gattuzo boshqaruvidagi jamoa 10-o‘rinni egallab turibdi. Oldinda esa ularni peshqadam «Yuve»ga qarshi bahs kutmoqda. Turin klubi «Inter» bilan oradagi 4 ochkolik farqni saqlab qolish uchun ham g‘alabadan boshqa natijani ko‘zlamasligi aniq. Sarri shogirdlarining yaxshi sport formasida ekanligi, «Napoli» esa aksincha, muammolardan xalos bo‘lmayotganligini inobatga olsak, Ronaldu yetakchiligidagi klubning ustunligini taxmin qilish mumkin. Ammo, unutmaylikki, bu futbol va unda har narsa ro‘y berishi mumkin.

 Turindagi o‘zaro so‘nggi 5 o‘yin:
Napoli – Yuventus – 1:2
Napoli – Yuventus – 0:1
Napoli – Yuventus – 1:1
Napoli – Yuventus – 2:1
Napoli – Yuventus – 1:3

Usmon Ibodov tayyorladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top