18:40 / 24.01.2020
1
45041

Rossiya aholisi qatorasiga ikkinchi yil kamaymoqda

Foto: Valeriy Melnikov / RIA Novosti

Rossiyaning doimiy aholisi 2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 2019 yil boshlanishiga nisbatan 32 ming 622 kishiga kamayib (0,2 foiz), 146 mln 745,1 ming kishini tashkil qildi. Bu haqda Rossiya davlat statistika qo‘mitasi ma'lum qildi. 

Rossiya aholisi 2018 yilda 99,7 ming kishiga qisqargandan keyin qatorasiga ikkinchi yil kamaymoqda. Bungacha, ya'ni 2009 yildan 2017 yilgacha Rossiya aholisi uzluksiz ko‘payib kelgan. Rosstat prognoziga ko‘ra, Rossiya aholisi 2026 yilgacha qisqarib boradi.

Rossiyadagi joriy demografik vaziyat aholining 2016 yildan boshlab tobora jadallashib borayotgan tabiiy kamayishi va kamayishni qoplay olmayotgan migratsiya o‘sishi bilan ifodalanmoqda.

Rosstat ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 2019 yilning 11 oyida aholining tabiiy kamayishi 285,7 ming kishini, mamlakatga sof migratsiya qiymati esa 222,7 ming kishini tashkil qilgan.

Rosstatning demografik prognoziga ko‘ra, aholining tabiiy kamayishi 2026 yilda eng yuqori ko‘rsatkichni (583,5 ming kishi) tashkil qiladi, migratsiya oqimi esa bu sonning yarmini ham qoplay olmaydi. Bu holat birinchi navbatda tug‘ilishning kamayishi bilan bog‘langan. Prognozlarga ko‘ra, tug‘ilish koeffitsiyenti (bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni hisobida) joriy 1,5 dan 2025 yilda 1,42 gacha kamayadi.

Rossiya hukumati 2024 yilgacha tug‘ilish koeffitsiyentini 1,7 gacha oshirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Buning uchun onalik kapitalini 2020 yildan boshlab birinchi farzand tug‘ilishi bilan berish boshlanadi, dasturning o‘zi esa 2026 yilgacha uzaytiriladi. Hozirda bu dastur faqatgina ikkinchi farzandga qo‘llanib, 2021 yilgacha amal qilishi belgilangan. Onalik kapitalining umumiy qiymati 466,6 ming rubldan 616,6 ming rublgacha (ikki farzandli oila uchun) oshiriladi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top