12:45 / 25.01.2020
1
7382
«Bu nafaqat parlamentga, balki jahon hamjamiyatiga murojaat» – Akmal Saidov

Xalqaro press klubning O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasiga bag‘ishlangan sessiyasida Qonunchilik Palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov so‘zga chiqib, Parlamentga murojaat qilish mexanizmining shakllanishi haqida ma'lumot berdi.

«Prezidentning Parlamentga murojaati instituti qadimiy tarixiy an'analarga ega. Bu institut ilk bor Angliya Parlamentida vujudga kelgan. Angliya Parlamentining har ochilish sessiyasida qirol va qirolicha nutq so‘zlaydi», - deydi Akmal Saidov. 

U AQShda ham bu an'ana mavjudligi, bu an'ana birinchi prezident Jorj Vashington tomonidan 1790 yilda Kongressga og‘zaki tarzda murojaat qilishi bilan vujudga kelganini ta'kidladi. 

«Parlamentga murojaat yo‘llash – juda demokratik va hokimiyat tarmoqlarini o‘zaro kelishuviga yordam beruvchi institut. O‘zbekistonda ham Parlamentga murojaat yo‘llashning o‘ziga xos tajribasi to‘plandi», deya o‘z fikrlarini bildirdi Akmal Saidov.

Uning qayd etishicha, murojaat qilish uchun qayerda so‘zga chiqilishini tanlash ham muhim. AQShda Vakillik Palatasida, Rossiyada Federal Majlisda – Kremlda so‘zga chiqsa, O‘zbekiston rahbarining murojaatnomasi yangi O‘zbekistonning yangi binosida – Kongress hollda o‘qib eshittirildi. 

«150 deputat, 100 nafar senator, mamlakatdagi diplomatik korpus vakillari va onlayn tarzda 57ta xorijdagi vakolatxonalar xodimlari va 8 mingga yaqin mahalliy kengash deputatlari ishtirok etishdi. 

Bundan tashqari, murojaatning onlayn tarzda uzatilishi xorijda va mamlakatda qanchalab insonlarning o‘sha paytning o‘zidayoq ko‘rish imkoniga ega bo‘lishiga yordam berdi», - deya qayd etdi Akmal Saidov. 

Unga ko‘ra, O‘zbekiston onlayn tarzda uzatiladigan Parlament murojaatlari mexanizmlarini o‘rganib chiqib, o‘z tajribasini yaratdi. Shuning uchun kechagi murojaatni nafaqat Parlamentga, balki O‘zbekiston xalqiga va jahon hamjamiyatiga murojaat deb baholash mumkin. 

«O‘tgan shu bir haftani «Prezidentning Parlamentdagi haftaligi» deb nomlagan ham bo‘lar edim. Shu bir haftada 4 marta Parlamentda chiqish qilib, har ma'ruzasida Imom Buxoriy, Avloniy, Ruzvelt kabi jahon va o‘zbek allomalarining so‘zlarini juda o‘rinli keltirib o‘tdi. 

Oldingi murojaatlar bir yillik tarzda ifodalangan bo‘lsa, 2020 yilgi Parlamentga murojaatni O‘zbekistonning yaqin kelajakdagi taraqqiyot poydevorini tashkil etuvchi g‘oyalardan iborat bo‘ldi, deb atash mumkin», dedi Akmal Saidov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top