20:40 / 25.01.2020
0
48494
Denovda qo‘sh qotillik sodir etildi

2019 yil 7 dekabrdan 8 dekabrga o‘tar kechasi Denov tumani tibbiyot birlashmasi binosida ikki yigit – opa-singilning bolalari pichoqlanish oqibatida halok bo‘lishgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, voqea stadionda bir yigitni ikki yigit do‘pposlashi bilan boshlangan. Keyin «ish»ga oshna-og‘aynilarning ham aralashishi va nihoyat «masala»  jiddiy tus olib, kaltaklangan yigitning tibbiy ko‘rikdan o‘tishigacha borib yetgan.

Qotillik esa aynan shifoxonada – pichoqlar bilan qurollangan aka-ukalar tomonidan sodir etilgan. Bu mudhish hodisa tafsilotlariga aniqlik kiritish uchun Bosh prokuratura orqali Surxondaryo viloyati prokuraturasiga murojaat etdik.

Prokuraturaning bizga yo‘llagan ma'lumotnomasida quyidagilar keltiriladi: 

«2019 yil 7 dekabr kuni soat 23:30lar chamasida Denov tumani, «Nuriston» mahallasida yashovchi M.A. Denov tumani, «Lochin» mahallasida joylashgan futbol o‘yingohida o‘ziga tanish bo‘lgan Mirzohid Toshmurodov bilan o‘zaro janjallashib qolib, uni urib tan jarohati yetkazgan.

M.Toshmurodov sheriklari Anvar Mo‘minov, Sirojiddin Toshmurodov, Abdumannof O‘rolov, Shokir Eshquvatov va Sherxon Holiqovlar bilan birgalikda tuman tibbiyot birlashmasiga shifokor ko‘rigidan o‘tish maqsadida borganida, ularning ortidan M.A. otasi M.T., akalari M.A. va M.A. bilan birgalikda borgan.

Soat 01:20larda tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida ota va uning o‘g‘illari Mirzohid Toshmurodovning sheriklari Shokir Eshquvatov va Abdumannof O‘rolov bilan o‘zaro janjallashib qolib, janjal vaqtida M.A. yonida bo‘lgan pichoqni dastlab Sh.Eshquvatovning ko‘krak qafasiga, keyin A.O‘rolovning ham ko‘krak qafasiga qasddan sanchgan. Yetkazilgan og‘ir tan jarohati natijasida Sh.Eshquvatov va A.O‘rolovlar voqea joyida vafot etishgan.

Holat yuzasidan 08.12.2019 yilda Denov tuman prokuraturasi tomonidan M.A.ga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan 222102/2019-38-sonli jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur jinoyat ishi 09.12.2019 yilda viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi ish yurituviga olinib, gumonlanuvchiga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayblov e'lon qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan» – deyiladi prokuratura xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top