19:52 / 25.01.2020
3
12692
TIV: Diplomatik vakolatxonalar Uxandan o‘z fuqarolarini olib chiqib keta olmayapti

25 yanvar holatiga ko‘ra, Xitoyda koronavirusli zotiljamga chalinganlar yoki virus yuqtirgan deb gumon qilinayotganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q, deb ma'lum qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

O‘zbekistonning Xitoydagi diplomatik vakolatxonalari bergan ma'lumotga ko‘ra, 25 yanvar holatiga yangi tipdagi virusdan vafot etganlar soni 41 nafarga, kasallanganlar esa 1287 nafarga yetgan. Yana 1965 kishi kasallangan degan gumon bilan shifokorlar nazoratida. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.

Epidemiya tarqalishining oldini olish maqsadida Xubey provinsiyasining Uxan shahri va boshqa 12ta shaharlari karantin uchun yopildi. Gavjum joylarda virus yuqishi xavfining yuqoriligini inobatga olib, sanitariya tadbirlari davomida tashqariga chiqmaslik tavsiya etilmoqda.

Ta'kidlanishicha, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Xitoydagi diplomatik vakolatxonalari vaziyatni nazoratga olgan hamda barcha masalalarni, jumladan zarurat tug‘ilganda O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish masalalarini hal qilish uchun tegishli hokimiyat organlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.

«Elchixona va Bosh konsulxona vakillari O‘zbekiston fuqarolari bilan doimiy muloqot o‘rnatgan, jumladan «WeChat» ijtimoiy tarmog‘ida «Uxan 2020 O‘zbekiston» va «Uzbeks in Wuhan» guruhlari ishlab turibdi», – deya qo‘shimcha qilingan rasmiy xabarda.

Ayni paytda vaziyatni monitoring qilish va virusning O‘zbekiston hududida tarqalishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi qoshida shtab tashkil etildi. Xavfli hududlardan keladigan barcha fuqarolar kuzatuvga olinadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Uxanda 30dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi mumkinligi ma'lum qilingan, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ular vatanga olib kelinishi mumkinligini aytgan edi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top