09:05 / 25.01.2020
2
31745
Xitoyda koronavirus qurbonlari soni 41 nafarga yetdi. Shifokorlar orasida birinchi qurbon bor
Foto: cnsphoto via REUTERS

Xitoyning Xubey viloyatida yangi koronavirusdan vafot etganlar soni 24 nafardan 39 nafargacha, Xitoy bo‘ylab esa 41 nafargacha oshdi. Bu haqda Global Times nashri xabar berdi. 

Xitoyning sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha davlat qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 25 yanvarga o‘tar kechasi holatiga Xitoyning 29 ta provinsiyasida ushbu virusdan 1287 ta kasallanish holati qayd etilgan, 237 kishi og‘ir ahvolda qolmoqda. 

Ayni vaqtda kasallanganlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan 13 967 kishi tibbiy nazorat ostiga olingan. Shu bilan birga yangi koronavirusga chalingan 38 kishi sog‘ayib ketgani ma'lum qilingan. 

Xitoydan tashqarida, virusdan Xitoy ma'muriy hududlari hisoblangan Hongkongda 5 ta, Makaoda 2 ta, Tayvanda 3 ta; Tailandda 4 ta, Yaponiya, Janubiy Koreya, AQShda 2 tadan, Singapur, Fransiya, Vetnamda 3 tadan, Nepal va Avstraliyada bittadan kasallanish holati qayd qilingan.    

Shuningdek, Xitoyda shifokorlar orasida virusning birinchi qurboni qayd qilindi. Uxandagi  “Sinxua” shifoxonasining otolaringologiya bo‘limida ishlagan 62 yoshli shifokor Lyan Udun virusdan vafot etdi. 16 yanvarda unda kasallik alomatlari paydo bo‘lgan, 18 yanvarda u “Tszinintan” shifoxonasiga joylashtirilgan, biroq hamkasblarining barcha urinishlariga qaramay 25 yanvarda vafot etgan. 

South China Morning Post nashrining vaziyatdan xabardor anonim manbalarga tayanib xabar berishicha, tibbiy xodimlar orasida kasallanganlar soni rasmiy raqamlardan ancha ko‘proq. Manbalardan birining xabar berishicha, “Uxandagi deyarli har bir yirik shifoxonada virusdan kasallangan 15 dan ko‘proq tibbiy xodim topish mumkin”. Shifokorlardan birining ta'kidlashicha, bunday bo‘lishining sabablaridan biri yangi koronavirusdan kasallanganlar darhol boshqa bemorlardan izolyatsiya qilinmagani hisoblanadi.

Shuningdek, Uxanga epidemiya bilan kurashishga 450 harbiy shifokor jo‘natilgan. Shifokorlar shaharga 24 yanvar kechki payt yetib kelishgan. Ular orasida respirator va yuqumli kasalliklar bilan kurashish sohasida mutaxassislar bor. Ulardan ba'zilari atipik zotiljam (SARS) hamda Ebola bezgagi bilan kurashish tajribasiga ega.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top