13:40 / 26.01.2020
3
138710
1 fevraldan qonunchilikda nimalar o‘zgarmoqda?

Kun.uz sayti 2020 yil 1 fevraldan boshlab kutilayotgan ayrim o‘zgarishlarni e'tiboringizga havola etadi.

«To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi qonun kuchga kiradi

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 19 sentyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 11 oktyabrda ma'qullangan va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan 2019 yil noyabrda imzolangan «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi qonun shu yilning 1 fevralidan boshlab kuchga kiradi.

Ushbu qonun to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi va to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida to‘lovlarni amalga oshirish hamda to‘lov xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi.

Qonunning 63-moddasida u rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan edi.

Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori oshadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4555-sonli qaroriga asosan, 2020 yil 1 fevraldan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar hamda kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam miqdori 1,07 barobarga oshiriladi.

Shuning bilan, 2020 yil 1 fevraldan boshlab:

  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 679 330 so‘m;
  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 238 610 so‘m;
  • eng kam yoshga doir pensiyalar — oyiga 466 680 so‘m;
  • bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 466 680 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 286 390 so‘m etib belgilanadi.

Bazaviy hisoblash miqdori o‘zgarishsiz - 223 000 so‘m miqdorda qoldirilgan.

Moddiy yordamning yangi miqdorlari kuchga kiradi

Davlat rahbarining yuqorida ta'kidlangan qarori bilan 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordamlarning 1 fevraldan boshlab hisoblanadigan yangi miqdorlari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 14 yoshgacha bo‘lgan:

  • bitta bolali oilalarga 131 000 so‘m;
  • ikkita bolali oilalarga 217 000 so‘m;
  • uchta va undan ortiq bolali oilalarga 304 000 so‘m miqdorda nafaqa to‘lanadi.

Shuningdek, 1 fevraldan boshlab, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa 434 000 so‘m, kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam 326 000 so‘mdan 653 000 so‘mgacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam miqdori esa 434 000 so‘mdan 1 085 000 so‘mgacha miqdorlarni tashkil etadi.

Mehnatga haq to‘lash bo‘yicha yangi tarif setkalari amalga kiritiladi

Prezidentning ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar hamda kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam miqdorini oshirish to‘g‘risidagi qaroriga asosan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi budjet muassasa va tashkilotlari xodimlarining yangilangan lavozim tarif stavkalari miqdorlarini tasdiqladi. Mazkur yangilangan tarif setkasi joriy yilning 1 fevralidan kuchga kirishi belgilangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top