19:40 / 26.01.2020
1
39365
«Uni ertagayoq haydab yuboringlar!» - Tramp Ukraina elchisini bo‘shatishga buyruq bergani aks etgan yozuv e'lon qilindi

2018 yilda Donald Tramp Trump International Hotel’dagi kechki ziyofat vaqtida AQShning Ukrainadagi elchisi Mari Yovanovichni ishdan bo‘shatishni buyurgani tasvirlangan videoyozuv e'lon qilindi.

REU/AFP/GETTY IMAGES

2019 yilning mayida Ukrainadan chaqirib olingan Yovanovich biroz avvalroq Vakillar palatasida kongressmenlarga AQSh prezidenti impichmenti bo‘yicha tergovda ko‘rsatma bergandi.

Demokratlar Trampni Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatish tahdidi bilan Vladimir Zelenskiyga bosim o‘tkazish va uni o‘zining siyosiy raqibi, 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida demokratlar partiyasidan asosiy nomzod bo‘lishi kutilayotgan Jo Bayden va uning o‘g‘li Xanterga qarshi ish ochishga undaganlikda ayblashmoqda. Tramp har safar o‘ziga qarshi impichment haqida «jodugarlar ovi» deya ta'rif beradi.

Shanba kuni Associated Press nashrining YouTube-kanalida joylashtirilgan videoyozuv 2018 yilning 30 aprelida amerikalik tadbirkor, Trampning shaxsiy advokati Rudolf Julianining sobiq hamkori bo‘lgan Igor Frumanning telefoni orqali yozib olingan. Bu rolik Julianining yana bir sobiq hamkori, kelib chiqishiga ko‘ra SSSRdan bo‘lgan advokat Lev Parnas taqdim etgan boshqa dalillar bilan birgalikda impichment ishini ko‘rib chiqayotgan Senatga yuborilgan.

Videoyozuv 1 soat 23 daqiqa bo‘lib, uchrashuv vaqtida Tramp Ukraina AQSh yordamisiz «Rossiya tajovuzi»ga qancha vaqt qarshilik qila olishiga ham qiziqqan.

«Ular [Ukraina] Rossiyaga qarshi kurashga qancha vaqt dosh bera olishadi?», — deb savol beradi Trampniki deyilgan ovoz. So‘ng u Mari Yovanovichni Amerikaning Ukrainadagi elchisi (u 2016 yilda Barak Obama prezidentligi vaqtida lavozimga tayinlangandi) lavozimidan bo‘shatish mavzusiga o‘tadi.

Videoyozuvda Amerikaning Kiyevdagi elchisini «eng katta muammo» deb atagan Parnasning ovozi eshitilgan.

Yovanovichning ismini tilga olmagan holda Parnas u Ukrainada prezident impichmenti haqidagi mish-mishlarni tarqatib yurgani haqida gapiradi: «Umuman olganda, u hammayoqda kezib shunday demoqda: kutinglar, unga impichment e'lon qilinadi, kutinglar».

Shundan so‘ng prezident gapiradi: «Undan xalos bo‘linglar, ertagayoq haydab yuboringlar! Buni qanday qilishlaring meni tashvishlantirmaydi, ammo ertagayoq uni quvinglar! Okey? Bajaringlar».

Aftidan, prezident o‘sha vaqtda elchining ismini bilmagan, atrofidagilardan u haqida so‘ragan.

Ziyofat ishtirokchilari shuningdek, Ukraina energetika bozori, AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo faoliyati va sobiq prezidenti Jorj Bushning Yaqin Sharqdagi siyosatini muhokama qilgan.

Parnas kim?

Prezident Tramp Julianining xodimlari tarkibida bo‘lgan Parnas bilan tanish emasligini ta'kidlaydi.

Lev Parnas va Igor Fruman AQShda saylovni moliyalashtirishda qonunbuzarlikda ayblangan

O‘z vaqtida Respublikachilar partiyasining saylovoldi kampaniyasi uchun faol ravishda mablag‘ ajratib kelgan Lev Parnas esa Juliani uni Kiyevga ukrainalik siyosatchilarni Jo Baydenning o‘g‘liga qarshi ish ochish majbur qilish uchun yuborgani, buni prezident talab qilgani haqida gapirgan.

Avvalroq uning Venadagi mehmonxona logotipi aks etgan bloknotidagi yozuv e'lon qilingan, unda Juliani unga bergan topshiriq yozilgandi: u Kiyevda Zelenskiyni Baydenga qarshi ish ochishga ko‘ndirishi kerak edi.

Fruman va Parnas 2019 yil oktyabrida AQShda saylovni moliyalashtirishda qonunbuzarlikda ayblanib qo‘lga olingandi.

Prezident Tramp hozircha videoyozuv yuzasidan hech qanday izoh bermadi.

Shanba kuni uning advokatlari Senat qo‘mitasining impichment muhokama qilingan yig‘ilishida chiqish qilib, demokratlarni 2016 yilgi prezidentlik saylovlari natijasi qayta ko‘rib chiqilishiga urinayotganlikda ayblashdi.

Impichment ishi bo‘yicha prezidentga ikkita ayblov qo‘yilgan - o‘z mansabini suiiste'mol qilish va Kongress ishiga xalaqit berish.

Mari Yovanovich nega ishdan bo‘shatilgan?

33 yil davomida AQSh Davlat departamentida ishlagan Mari Yovanovich 2019 yil mayida Kiyevdagi Amerika elchisi lavozimidan chaqirib olingan va shu vaqtgacha bu izohsiz qolmoqda.

U kongressda qasamyod qilib bergan ko‘rsatmasida uning korrupsiyaga qarshi kurashdagi sa'y-harakatlari ukrain siyosatchilarining g‘azabini keltirib, uning yo‘ldan olinishiga olib kelgani haqida gapirgan. Mari Yovanovich o‘z ko‘rsatmalari doirasida, uning dushmanlari Tramp ma'muriyati, jumladan prezidentning shaxsiy yuristi Rudi Juliani tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanganidan hayratga tushgani haqida aytib o‘tgan.

Sobiq elchining tarafdorlari AQShdagi prezidentga moyil nashrlar unga keskin hujumlar qilishgani haqida ham eslaydi.

Kongressda chiqish qilgan Yovanovich o‘zining Trampga xiyonat qilgani haqidagi da'volarni asossiz deb atagan, Davlat departamenti uning xavfsizligi uchun Ukrainadan chaqirib olgani haqida aytgan.

Tramp esa elchi go‘yoki Kiyevdagi elchixonada uning portretini ilib qo‘yishni istamagani haqida ham gapirgan.

«U men haqimda hamisha yomon gaplar aytgan, u meni himoya qilmagan, men esa elchini almashtirish huquqiga egaman», - degandi prezident Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top