18:00 / 26.01.2020
4
80348
Xavfli koronavirus kuchaymoqda. Xitoy hukumati yangi taqiqlar joriy etdi

Xitoy hukumati rasmiylari 2019-nCoV koronavirusi odamdan odamga yuqish imkoniyatini tobora oshirayotgani va shu tufayli bu virusdan zararlanganlar soni yanada ko‘payishi haqida ma'lum qildi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, virusni yuqtirib olganlar soni 2 ming nafardan oshgan, 56 kishi vafot etgan.

Xitoy Xalq Respublikasi sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi rahbari Ma Tszyaovey Pekinda o‘tkazilgan matbuot anjumanida koronavirusning tabiati haqida juda kam narsa ma'lumligi va uning mutatsiyasi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini oldindan taxmin qilish qiyinligini aytib o‘tdi.

U virusning inkubatsiya davri bir kundan 14 kungacha bo‘lgan davrni tashkil etishi, ammo virusni yuqtirgan odam boshqasiga qisqa muddatda osonlik bilan yuqtirishi, bunday holat 2002-2003 yillarda tarqalgan Sars epidemiyasi vaqtida (atipik zotiljam) kuzatilmaganini qo‘shimcha qilgan.

Bu shuni anglatadiki, virusning hech qanday belgilari bo‘lmagan shaxs ham virus tashuvchi bo‘lishi mumkin, bunday holatda esa virus tarqalishiga qarshi kurashish yanada qiyinlashadi.

Uxan Xitoy markazidagi asosiy temir yo‘llar tarmog‘ini birlashtiruvchi shahar

Shanba kuni Xitoyda oy taqvimi bo‘yicha yangi yil kirib keldi va oldindagi hafta davomida millionlab kishilar bayramni oila a'zolari bilan o‘tkazish uchun mamlakat bo‘ylab kezib yurishadi.

Xitoyda virusga chalinish holatlari tasdiqlangan holatlar

Amerikaliklar Uxandan olib chiqiladi

Ayni vaqtda Xitoyning bir qancha hududlarida odamlar harakatiga cheklov o‘rnatilgan.

Xitoydan tashqarida virusga chalinish holatlari tasdiqlangan holatlar

Virus o‘chog‘i sifatida 11 million kishi yashaydigan Uxan shahridagi yovvoyi hayvonlar bozori belgilab olingan; bu Xitoy markazida joylashgan Xubey provinsiyasining ma'muriy markazidir. Bir necha kun muqaddam shahar karantin holatiga o‘tkazilgan, jamoat transporti qatnovi bekor qilingandi. Yakshanba kunidan Uxan markazida oddiy transport vositalari harakati ham to‘xtatildi.

Xitoy hukumati butun mamlakat bo‘ylab do‘konlarda, bozorlarda va restoranlarda yovvoyi hayvonlar sotuvini taqiqladi. Ma'lumki, Xitoy an'anaviy oshxonasida yovvoyi va ekzotik jonivorlardan, jumladan, turli qushlar va sudraluvchi jonivorlardan tayyorlanadigan taomlar o‘rin olgan.

Xitoy qishloq xo‘jaligi vazirligi bayonotida aytilishicha, yakshanba kunidan joriy etilgan taqiqlar mamlakatning barcha hududlari uchun taalluqlidir.

Pekin bozorlarida shu vaqtgacha yovvoyi qushlar go‘shti sotilayotgandi / AFP

Amerika Davlat departamenti Uxandagi AQSh konsulxonasi xodimlari seshanba kuni evakuatsiya qilinishini bildirdi. Konsullik xodimlari Xitoydan maxsus aviareys orqali olib ketiladi. Davlat departamenti bayonotiga ko‘ra, San-Fransiskoga uchadigan bu aviareysdan ayni vaqtda XXR hududida bo‘lib turgan va virus yuqtirish xavfi ostida qolgan Amerika fuqarolari ham foydalanishi mumkin.

Bu vaqtda britan virusologlari Xitoy hukumati virus keng tarqalishining oldini ololmay qolishi real xavf ekanidan ogohlantirmoqda. Britaniyada hozirda so‘nggi kunlarda XXRdan kelgan 34 kishi tekshirilmoqda.

O‘zbekistonda virus hozircha yo‘q

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga asoslanib koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalib ketish xavfi kamligi, jiddiy xavotirga hojat yo‘qligi bildirgandi.

23 yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi o‘tkazgan matbuot anjumanida respublikaga kirib kelishning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha epidemiologik nazorat o‘rnatilgani, barcha chegara punktlari kerakli jihozlar, jumladan teplovizorlar bilan ta'minlangani haqida ma'lumot berildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Uxan shahrida 30dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi mumkinligini ma'lum qilgan.

25 yanvar kuni o‘tkazilgan Xalqaro press-klub sessiyasida ishtirok etgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Uxandagi o‘zbekistonliklar vatanga olib kelinishi mumkinligini aytgan edi. Ammo keyinroq Xitoy hukumati hech qaysi davlatga fuqarolarini evakuatsiya qilishga ruxsat bermayotgani ma'lum qilindi.

O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Xitoydagi yoshlardan koronavirus haqida noto‘g‘ri ma'lumotlar tarqatib, vaziyatni keskinlashtirmaslikni so‘radi.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top